Unda senatorlar, Toshkent shahar hokimi o‘rinbosarlari, xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashi doimiy komissiya raislari, mas'ul vazirlik va idoralar vakillari hamda Toshkent shahridagi Mehribonlik uylari direktorlari ishtirok etdi.

Senatning Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi raisi o‘rinbosari D.Toshmuhamedova olib borgan yig‘ilishda 2021-yilda Toshkent shahrida yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar uchun uy-joy xarid qilishning maqsadli parametrlari ijrosi tahlil etildi.

Ta’kidlanganidek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning yangi tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorining maqsadli parametrlariga asosan 2021-yil davomida Toshkent shahrida yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar uchun jami 173 ta uy-joy xarid qilish belgilangan. Ushbu uylar uchun jami 29,583 million so‘m mablag‘ nazarda tutilib, shundan 14,792 million so‘mi Respublika byudjetidan, 14,792 million so‘mi esa mahalliy byudjetdan ajratilishi rejalashtirilgan.

Toshkent shahar hokimligi ma’lumotiga ko‘ra, 2019-2021-yillar davomida 149 nafar chin yetimga uy-joylar ajratilgan. Biroq, yuqorida qayd etilgan maqsadli parametrlar uchun mahalliy byudjetdan mablag‘ ajratilmagani tanqidiy muhokama etildi.

Yig‘ilishda yetim bolalarni uy-joy bilan ta'minlashdagi muammo va kamchiliklar tahlil etilib, senatorlar tomonidan uni bartaraf etish bo‘yicha tavsiyalar berildi.

Shuningdek, yig‘ilish davomida uyga muhtoj yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar to‘g‘risidagi ma'lumotlar doimiy monitoring qilib borilishi ta’kidlandi.

Yig‘ilish so‘ngida senatorlar va mas’ul vazirlik hamda idora vakillari uy-joyga muhtoj, uy-joy berilgan yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni qayta ko‘rish va inventarizatsiya qilishga kelishib olindi.

Muhokamalar yakunida yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashda doimiy parlament nazorati o‘rnatilishi qayd etildi, deb xabar beradi O‘zbekiston Respublikasi
Oliy Majlisi Senati Axborot xizmati.