Uchrashuv davomida tomonlar Oʻzbekiston bank tizimini rivojlantirish istiqbollarini muhokama qilib, tijorat banklarini, xususan, “Asaka” bank va “Aloqabank”ni transformatsiyalash jarayoniga alohida eʼtibor qaratdilar.

Hozirda mazkur banklarda oʻtkazilgan tahlillar natijalariga asoslanib, YETTB banklarni transformatsiyalash boʻyicha ssenariylar ishlab chiqishi qayd etildi.

Uchrashuvda YETTB Markaziy bankning tijorat banklari kapitallashuvini oshirish, yana-da ishonchli oʻsishiga erishish va iqtisodiyotning real sektorini kreditlash sifatini yaxshilash, shu jumladan, banklar kapitali tarkibiga xorijiy yangi investorlarni jalb etishga qaratilgan strategiyasini qoʻllab-quvvatlashi taʼkidlandi. Mazkur jarayonning muvaffaqiyati YETTBga Oʻzbekiston bank tizimida har tomonlama keng koʻlamli hamkorlikni rivojlantirish uchun imkoniyat yaratadi, deb xabar beradi markaziy bank matbuot xizmati.

Uchrashuv yakunida tomonlar davlat ulushi mavjud banklarni xususiylashtirishga tayyorlash va transformatsiyalash yoʻnalishida samarali hamkorlik qilishga ishonch bildirdilar.