Unda Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov, YETTBning birinchi vitse-prezidenti Yu.Rigterink, XMK vitse-prezidenti J.Beyker va “Indorama” kompaniyasining ijrochi direktori A.Lohia ishtirok etdi.

Loyiha Oʻzbekistonda barqaror paxta yetishtirishni ragʻbatlantirish va turmush darajasini oshirishga qaratilgan. Oʻzbekiston paxta sektoriga kiritilgan yangi investitsiyalar xususiy sektorni rivojlantirish va sanoatni modernizatsiya qilishning barqaror modelini yana-da rivojlantirishga xizmat qiladi hamda paxta yetkazib berish zanjiridagi fermerlarning turmush sharoitlarini yaxshilash va ularga yangi koʻnikma va texnologiyalardan foydalanish imkonini beradi.

XMKning “Indorama Agro” (“Indorama Corporation”ning 100% shoʻba korxonasi) tomonidan taqdim etilgan 60 million dollar miqdoridagi uzoq muddatli qarz mablagʻlari Oʻzbekistonning Sirdaryo va Qashqadaryo viloyatlarida qariyb 50 ming gektar qishloq xoʻjalik yerlarini rivojlantirishni moliyalashtirishga yordam beradi. Shu vaqtning oʻzida loyiha doirasida Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YETTB) 60 million dollarlik uzoq muddatli va 10 million dollarlik qisqa muddatli qarzni taqdim etmoqda.

Loyihani amalga oshirish mexanizatsiyalashgan paxta yigʻim-terimini rivojlantirishga yordam beradi hamda yerni tekislash va suvdan foydalanish uchun muqobil sugʻorish tizimlarini qoʻllash, oʻgʻitlarni samarali ishlatishni optimallashtirish, suv taʼminoti va meliorativ tizimlarini modernizatsiya qilish va yetishtirilgan paxtani qayta ishlash sifatini yaxshilash hisobiga kompaniyaning ekologik va ishlab chiqarish koʻrsatkichlarini sezilarli darajada yaxshilaydi.

Tadbir davomida Oʻzbekiston tomoni ushbu loyihaning amalga oshirilishi yirik xorijiy va xalqaro kompaniyalarning toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalarini jalb etishga turtki boʻlishini taʼkidladi. Shuningdek, loyihaning XMK va YETTB kabi xalqaro moliya institutlari tomonidan qoʻllab-quvvatlanishi Oʻzbekiston toʻqimachilik sanoatida paxta yetishtirishda eng yaxshi xalqaro amaliyotlarni joriy etish va bu sohada mehnat huquqlarini himoya qilishning samarali mexanizmini yaratishni nazarda tutuvchi islohotlarning muvaffaqiyatini eʼtirof etadi.

YETTBning birinchi vitse-prezidenti YETTB va XMK tomonidan Oʻzbekistonda xususiy kompaniyalarni moliyalashtirish amaliyotini qayta tiklanishi mamlakat toʻqimachilik sanoatidagi loyihalarni roʻyobga chiqarishda ishtirok etish uchun boshqa xalqaro moliya institutlarini jalb etishi mumkinligini maʼlum qildi.

XMK vitse-prezidenti XMK investitsiyalari “Indorama Agro”ga zamonaviy texnologiyalar yordamida paxta ishlab chiqarish va qayta ishlashni yoʻlga qoʻyishga yordam berishini, bu esa oʻzbek toʻqimachiligining xalqaro ekologik va ijtimoiy standartlarga muvofiqligini taʼminlanishini taʼkidladi, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.

“Indorama Agro” kompaniyasi rahbariyati taʼkidlashicha, kompaniyaning bundan keyingi maqsadi jahon standartlari va xalqaro brendlarining talablariga muvofiq paxta va boshqa qishloq xoʻjaligi ekinlarini yetishtirishdan iborat.

Marosim yakunida tomonlar Oʻzbekistonda xususiy sektorni moliyalashtirish sohasidagi hamkorlikni yana-da kengaytirish boʻyicha rejalarni belgilab oldilar.