Prezidentimizning “Parrandachilikni rivojlantirish va tarmoq ozuqa bazasini mustahkamlashga qaratilgan qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida”gi qarori oziq-ovqat xavfsizligini ta'minlash, parrandachilikni rivojlantirish va tarmoqda ozuqa bazasini mustahkamlash hamda parrandachilik yo'nalishida faoliyat olib borayotgan tadbirkorlik sub'ektlarini qo'llab-quvvatlashga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.

Mazkur hujjat bilan parrandachilik sohasida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlik sub'ektlarini qo'llab-quvvatlash, sohani rivojlantirish maqsadida bir qator imtiyozlar berilmoqda. Xususan, 2021 yil 1 iyundan boshlab qo'shilgan qiymat solig'i to'lovchisi bo'lgan parrandachilik xo'jaliklariga o'z xo'jaliklarida etishtirilib, realizatsiya qilingan tuxumning har bir donasi uchun 50 so'm, parranda go'shtining har bir kilogrammi uchun 1000 so'm miqdorida respublika byudjetidan subsidiya ajratish belgilanmoqda.

SHuningdek, tijorat banklari tomonidan 2025 yil 1 yanvarga qadar Tadbirkorlik faoliyatini qo'llab-quvvatlash davlat jamg'armasi hisobidan parrandachilik loyihalarini amalga oshirish uchun hamda omuxta em va parrandachilik mahsulotlari ishlab chiqaruvchi kichik tadbirkorlik sub'ektlariga aylanma mablag'larni to'ldirish uchun tijorat banki tomonidan ajratiladigan 10 milliard so'mgacha bo'lgan kredit foiz stavkasining Markaziy bank asosiy stavkasidan oshgan, biroq 8 foiz punktidan ortiq bo'lmagan qismi qoplab beriladi.

Berilayotgan imkoniyatlar parrandachilikni rivojlantirish va tarmoqda ozuqa bazasini mustahkamlashga, sohada faoliyat yuritayotgan tadbirkorlarning safi kengayishida muhim omil bo'ladi.

SHuningdek, qaror bilan hududlarda tashkil etiladigan, sanitariya va ekologiya talablariga, shu jumladan xalqaro standartlarga javob beradigan dastlabki 14 ta zamonaviy kushxona va muzlatgichlarni o'z ichiga olgan parrandalarni so'yishga mo'ljallangan kompleksni ishga tushirgan tadbirkorlik sub'ektiga loyiha qiymati 40 milliard so'mdan oshmaydigan qismining 10 foizi miqdorida Moliya vazirligi tomonidan O'zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti hisobidan subsidiya beriladi.

Bugungi kunda parrandachilik tarmog'ining asosiy muammosi bu ozuqa-em bazasining etarli emasligi va aksariyat ozuqalarning import hisobiga olib kelinishi bilan izohlanadi.

Qaror bilan ozuqa-em muammolarini ham hal etishda davlatning ko'magi aniq belgilab berilmoqda. Parrandachilik loyihalarini moliyalashtirish uchun 85 million AQSH dollari miqdoridagi mablag' “Mikrokreditbank” ATBga Tiklanish va taraqqiyot jamg'armasi mablag'lari hisobidan ajratilmoqda. Ushbu maqsadli mablag'lar bug'doy, makkajo'xori, soya doni va shroti, kungaboqar shroti kabi ozuqa-em mahsulotlarini eng arzon bo'lgan yig'im-terim davrlarida zaxira qilish hamda parrandachilik xo'jaliklari va ozuqa-em mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi korxonalarda mavjud quvvatlarni to'liq ishga tushirish uchun 24 oygacha bo'lgan muddatga aylanma mablag' ajratish va modernizatsiya qilish uchun beriladi.

Bundan tashqari qarorda 2021 yil 1 iyuldan boshlab 2024 yil 1 iyulga qadar asosiy faoliyat turi parrandachilik bo'lgan tadbirkorlik sub'ektlari uchun ularning asosiy faoliyat turi bo'yicha foyda solig'i, mol-mulk solig'i, er solig'i va suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq stavkasi 50 foiz miqdorida qo'llaniladi hamda 2021 yil 1 iyulga qadar tuxum, parranda go'shti va mahsulotlarini eksport qiluvchi hamda soya donini import qiluvchi tadbirkorlik sub'ektlari (ularning vakolatli vakillari)ga avtomobil`, temir yo'l va havo transportida tashish xarajatlarini 50 foizigacha miqdorda kompensatsiya qilishga subsidiyalar taqdim etilishi belgilab berildi.

Tarmoqdagi yana bir og'riqli nuqta bu parrandalarning kasalliklarga chidamli zot va turlarini shakllantirmasdan turib, parrandachilikni rivojlantirish mumkin emasligi kundek ravshan. SHu ma'noda qarorda chorvachilik va parrandachilik ilmiy-tadqiqot instituti tomonidan yuqori mahsuldor xonaki parrandalarning reproduktiv podalarini shakllantirish, naslli tuxum inkubatsiyasini yo'lga qo'yish hamda parranda zotlarini sinovdan o'tkazish va takomillashtirish, shaxsiy tomorqa xo'jaliklariga mos, ixcham parvarishlash texnologiyalari va organik ozuqalar turlarini yaratish, aholida parranda boqish va organik mahsulot etishtirish ko'nikmalarini shakllantirish vazifalari yuklatildi.

Aholining go'sht mahsulotlariga bo'lgan talabi, go'sht mahsulotlarining arzon va hamyonbop parranda mahsulotlari bilan ta'minlashni davlat tomonidan qo'llab-quvvatlash orqali, mahalliy hokimiyatlarga qaror bilan 2021 yil yakuniga qadar parranda mahsulotlari etishtirishning prognoz ko'rsatkichlari va uni bajarish choralarini ko'rish vazifasi belgilab berildi.

Bir so'z bilan aytganda, mazkur qarorda belgilangan vazifalarning ijrosi mamlakatimizda parrandachilikning rivojlanishiga, parrandachilik xo'jaliklarini iqtisodiy qo'llab-quvvatlashga xizmat qiladi.

Muxtorjon HOJIMATOV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati