Evakuatsiya uchun Toshkentdan Polshaning Katovitse shahriga maxsus samolyot joʻnab ketdi

    Dolzarb 28 Fevral 2022 1710

    Hozirgi paytda Katovitse (Polsha) aeroportiga 262 nafar O‘zbekiston fuqarosi olib kelingan, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri.

    Bugun mamlakatimiz poytaxtidan parvoz qilgan «Uzbekistan Airways» AJ maxsus samolyoti Toshkent vaqti bilan soat 12.45 da Katovitse aeroportiga qo‘nadi.

    O‘zbekistonning Kiyevdagi elchixonasidan olingan ma’lumotga ko‘ra, Ukrainaning «Krakoves» nazorat o‘tkazish punkti orqali fuqarolarimiz o‘tkazilishini tezlashtirish maqsadida 7 ta avtobus ijaraga olingan. Ular ko‘magida shu paytgacha Ukraina-Polsha chegarasiga 11 marta qatnov amalga oshirilgan.

    Ayni paytga qadar 560 nafardan ko‘proq mamlakatimiz fuqarosi Polsha davlat chegarasini kesib o‘tdi.

    Polshaning chegara hududida O‘zbekistonning Varshavadagi elchixonasi xodimlari tomonidan tashkiliy masalalar hal qilinmoqda. Chegarada yurtdoshlarimiz oziq-ovqat bilan ta’minlanmoqda, keksalar va yosh bolali ayollarning dam olishi uchun sharoit yaratilgan.

    Bu boradagi ishlar davom ettirilmoqda.