Yevropa bilan hamkorlikda barqaror transport yoʻlaklari rivojlantiriladi

    Joriy yil 13-iyunda transport vazirining birinchi oʻrinbosari Mamanbiy Omarov Transkaspiy xalqaro transport yoʻlagini muvofiqlashtirish platformasi doirasidagi hamkorlik masalalarini muhokama qilish uchun Yevropa Komissiyasining Xalqaro hamkorlik boʻyicha delegatsiyasi bilan uchrashdi.

    Uchrashuvda delegatsiya vakillariga mamlakatimizda transport va logistika sohasini rivojlantirish borasida olib borilayotgan jadal islohotlar toʻgʻrisida batafsil maʼlumot berildi.

    М.Омаров Oʻzbekiston barqaror, ishonchli va xavfsiz transport tarmoqlari infratuzilmasini yaratishga investitsiyalar jalb etish boʻyicha Yevropa Ittifoqi tashabbuslarida faol ishtirok etishga tayyor ekanligini bildirdi. Shu nuqtayi nazardan mintaqaviy transport yoʻlaklarini rivojlantirish borasidagi loyihalarga alohida ahamiyat qaratilayotgani taʼkidlab oʻtildi.

    Bu borada “Qiziloʻrda – Uchquduq” temir yoʻl liniyasi loyihasi Oʻzbekiston va Qozogʻistonga salmoqli iqtisodiy foyda keltirishi hamda mintaqaviy integratsiya va savdo aloqalarini rivojlantirishga hissa qoʻshishi nuqtayi nazaridan ustuvor yoʻnalish sifatida belgilangan.

    Ayni paytda Oʻzbekiston va Qozogʻiston transport vazirliklari tomonidan loyihaning texnik-iqtisodiy asoslarini moliyalashtirish boʻyicha Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, Yevropa investitsiya banki hamda boshqa xalqaro moliya tashkilotlariga takliflar kiritilganligi aytib oʻtildi.

    Delegatsiya vakillari Transkaspiy xalqaro transport yoʻlagi boʻyicha yaratilgan muvofiqlashtiruvchi platforma Markaziy Osiyo va Yevropani bir-biriga yaqinlashtirishga qaratilgan hamkorlikdagi muhim qadam ekanligini taʼkidlab oʻtdi, deb xabar beradi Transport vazirligi matbuot xizmati.