Yevropa Ittifoqi Isroilning ikki vaziriga qarshi sanksiya kiritmoqchi

    Yevropa Ittifoqining diplomatiya bo'yicha rahbari Jozep Borrel “nafrat uyg'otgani” uchun Isroil vazirlari Betsalel Smotrich va Itamar Ben-Gvirga qarshi sanksiyalar joriy etishni taklif qildi.

    Ular G'azo sektori aholisini insonparvarlik yordamidan mahrum qilishga chaqirgan.

    Yevropa Ittifoqi diplomatiyasi rahbari Jozep Borrel “nafrat qo'zg'atish” va “inson huquqlarini buzganlik” uchun Isroil moliya vaziri Betsalel Smotrich va mamlakat Milliy xavfsizlik vaziri Itamar Ben-Gvirga nisbatan sanksiyalar joriy etishni taklif qildi. Bu haqda dpa agentligi 29-avgust, payshanbaga o'tar kechasi xabar berdi. Borrel taklifi Yevropa Ittifoqining 27 davlati tashqi ishlar vazirlari sammiti arafasida bildirildi.

    Smotrich va Ben-Gvir Isroil tomonidan HAMAS terrorchilik guruhiga qarshi harbiy operatsiya o'tkazilayotgan G'azo sektori aholisiga insonparvarlik yordami yetkazilishini to'sishga chaqirdi. Ben-Gvir shu yo'l bilan HAMAS taslim bo'ladi, deb hisoblamoqda. Smotrich shundan so'ng jangarilar isroillik garovga olinganlarni ozod qilishiga umid qilmoqda. Isroil moliya vaziri G'azo sektorining qamal qilinishini hatto ikki million aholisi ochlikdan halok bo'lishini anglatsa ham “asosli” deb atadi.

    Jozep Borrel Ben-Gvir va Smotrichga qarshi joriy qilishni taklif qilayotgan sanksiyalar ularning Yevropa Ittifoqidagi aktivlarini muzlatish va Yevropa Ittifoqiga kirishini taqiqlashni nazarda tutadi, deb xabar beradi dw.com.