Yevropa Ittifoqi mamlakatlarida bu yil qurg'oqchilik hukm surishi kutilmoqda

    Qurg'oqchilik ko'proq Yevropa Ittifoqining janubiy mamlakatlari – Ispaniya, Portugaliya va Fransiyaga ta'sir ko'rsatmoqda.

    Janubiy Yevropa issiq mavsumning boshlanishiga va uning qishloq xo'jaligiga zarar yetkazuvchi qurg'oqchilikning kuchayishiga tayyorgarlik ko'rmoqda. Eng ko'p zarar ko'rgan Yevropa Ittifoqiga a'zo davlatlar o'zlariga moliyaviy ko'mak berishlarini, xususan, o'ta og'ir vaziyatlarda fermerlarga yordam berishga mo'ljallangan “Agrar zaxiralar”dan 450 million yevro miqdoridagi mablag' ajratishlarini so'rashmoqda.

    “Ispaniya misolida yil boshidan buyon yog'ingarchilik 30 foizdan ko'proqqa kamayganini ko'ryapmiz. Bu hayvonlarning yaylovlarda oziqlanishiga bevosita ta'sir ko'rsatadi. Bu qishki ekinlarga ham ta'sir qiladi. Bu bahorgi ekinlar uchun ham salbiy oqibatlarga olib keladi, ya'ni ba'zi hollarda ularni ekish mumkin emas. Shuningdek, suv bosimi pasayishi tufayli bu sug'orish ishlariga ham salbiy ta'sir etadi”, dedi Ispaniya qishloq xo'jaligi, baliqchilik va oziq-ovqat vaziri Luis Planas Puchades.

    Yog'ing'archilikning kamayishidan eng ko'p Ispaniya va Portugaliya zarar ko'radi. Boltiqbo'yi va Skandinaviya mamlakatlarida tuproq namligi odatdagidan past bo'ldi.

    Ispaniyada 2022-yil 1-oktabrdan 2023-yil 25-aprelgacha o'rtacha yog'ingarchilik tanqisligi o'rtacha ko'rsatkichdan 24 foizga past bo'ldi, Fransiyaning 101 departamentidan 26 tasida yoz oxirigacha qurg'oqchilikning yuzaga kelish xavfi mavjud. Qurg'oqchilik Portugaliyaning materikdagi qismining 40 foizdan ortiq hududida qishloq xo'jaligi faoliyatiga salbiy ta'sir ko'rsatdi.

    Italiyada esa nafaqat qurg'oqchilik, balki suv toshqinlari chorvachilik, uzumzorlar, ekinlar, meva-sabzavotga ham zarar yetkazadi. Hisobotda aytilishicha, Po daryosi deltasida suv oqimining kamayishi dengizdan tuz ko'tarilishiga olib keladi va bu suvni qishloq xo'jaligida foydalanish uchun yaroqsiz holga keltiradi, deb xabar bermoqda ru.euronews.com.