Yevropa Ittifoqi va Buyuk Britaniya Gibraltar bo'yicha siyosiy kelishuvga erishishdi

    Yevropa Ittifoqi va Buyuk Britaniya chorshanba kuni Ispaniya va Gibraltar o'rtasida odamlar va tovarlarning hech qanday jismoniy to'siqlarsiz harakatlanishini ta'minlaydigan siyosiy kelishuvga erishishdi.

    Yevrokomissar Marosh Shefchovich buni “Yevropa Ittifoqi, jumladan, Ispaniya uchun, shuningdek, Buyuk Britaniya va Gibraltar uchun haqiqiy tarixiy bosqich” deb atadi.

    Uning so'zlariga ko'ra, bu Ispaniya tashqi ishlar vaziri Xose Manuel Albares, Buyuk Britaniya tashqi ishlar vaziri Devid Lemmi va Gibraltar bosh vaziri Fabian Pikardo o'rtasidagi muvaffaqiyatli uchrashuvdan keyin amalga oshgan.

    O'zining X sahifasida Lemmi kelishuvni “suverenitet, ish o'rinlari va o'sishni kafolatlaydigan amaliy echim” deb atadi. “Biz Gibraltarning Britaniya oilasining bir qismi sifatidagi manfaatlari ushbu kelishuvning markazida turishini ta'minladik”, deya qo'shimcha qildi u.

    Buyuk Britaniya va Ispaniya ko'p yillar davomida odamlar va tovarlar Buyuk Britaniyaning dengiz orti hududining Ispaniya bilan quruqlik chegarasidan qanday qilib erkin o'tishlari haqida kelishib olishga harakat qilmoqda. Ammo chegara qanday nazorat qilinishi masalasi eng katta to'siqlardan biri bo'lib keldi.

    Yevropa Ittifoqining yangi kirish/chiqish tizimi joriy yilning oktyabr` oyida kuchga kirgunga qadar barcha tomonlar kelishuvga erishmoqchi edi. Gibraltar Britaniyaning xorijdagi hududi, 1713 yilda Buyuk Britaniyaga berilgan, ammo Ispaniya uni o'ziniki deb da'vo qilmoqda.

    Shartnoma Ispaniya va Gibraltar o'rtasidagi chegara o'tish joylarida odamlar va tovarlar ustidan barcha jismoniy to'siqlar, tekshiruvlar va nazoratlarni olib tashlaydi. Biroq, tekshiruvlar Gibraltar bandargohi va aeroportida amalga oshiriladi, deb xabar beradi ru.euronews.com.