2021-yil 1-iyul kuni Toshkent shahrida siyosat va xavfsizlik masalalari bo‘yicha “Yevropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo” yuqori darajali muloqotining tashqi ishlar vazirlari o‘rinbosarlari darajasidagi navbatdagi uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Yevropa delegatsiyasiga Yevropa tashqi faoliyat xizmati bosh kotibi o‘rinbosari Enrike Mora boshchilik qildi. Uchrashuvda ayni darajada Afg‘oniston delegatsiyasi ham ishtirok etdi.

Yig‘ilish chog‘ida mintaqalararo hamkorlik doirasida avval erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish yakunlari hamda “Yevropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo” shaklida turli darajada o‘tkaziladigan tadbirlarning jadvali va kun tartibi muhokama qilindi.

Chegaralarni boshqarish, giyohvand moddalarning noqonuniy aylanishi va uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurash sohalaridagi hamkorlik masalalari hamda mintaqaviy ekologik muammolar ko‘rib chiqildi.

Bundan tashqari, uchrashuv ishtirokchilari koronavirus pandemiyasi sharoitida tashqi siyosat va xavfsizlik sohalarida hamkorlik qilish masalalari bo‘yicha ham fikr almashdi.

Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasidagi yuqori darajali muloqotning yillik uchrashuvlari 2013-yildan buyon o‘tkazib kelinmoqda.