Suhbat chogʻida Oʻzbekiston va Yevropa Ittifoqining afgʻon inqirozini tinch yoʻl bilan hal etish, shuningdek, mamlakatga tez fursatda insonparvarlik va boshqa yordam koʻrsatish borasidagi saʼy-harakatlari muhokama qilindi.

Tomas Niklasson Oʻzbekistonning Yevropa Ittifoqiga aʼzo davlatlar fuqarolarini Afgʻonistondan evakuatsiya qilishda koʻrsatayotgan yordamini yuqori baholadi hamda Afgʻonistonda tinchlik va barqarorlikni oʻrnatish, shuningdek, Termiz shahrida gumanitar xab tashkil etishda mamlakatimiz bilan kelgusida faol hamkorlik qilishdan manfaatdorligini bildirdi.

Tomonlar Afgʻonistondagi mavjud vaziyat, xalqaro hamjamiyatning mamlakatdagi yangi hokimiyatga nisbatan umumiy pozitsiyasini ishlab chiqish, Afgʻonistonda gumanitar inqirozning oldini olish yuzasidan fikr almashdilar.

Afgʻon muammosi boʻyicha maslahatlashuvlarni davom ettirish yuzasidan oʻzaro manfaatdorlik mujassamligi bildirildi, deb xabar beradi Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati.