Abdulaziz Kamilov Yevropa komissiyasi vitse-prezidenti bilan uchrashdi

    Xalqaro hamkorlik 26 Noyabr 2021 894

    2021-yil 25-noyabrda Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov mamlakatimizga tashrif bilan kelgan Yevropa komissiyasi vitse-prezidenti Margaritis Sxinas bilan uchrashuv oʻtkazdi.

    Suhbat chogʻida Oʻzbekiston va Yevropa Ittifoqi oʻrtasidagi hamkorlikning oʻzaro manfaatli sohalardagi asosiy yoʻnalishlari muhokama qilindi.

    Tomonlar “Oʻzbekiston Respublikasi – Yevropa Ittifoqi” hamkorlik kengashining 16-yigʻilishi va “Yevropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo” shaklidagi 17-vazirlar uchrashuvi, shuningdek, mazkur tadbirlar doirasidagi ikki tomonlama muzokaralarning samarali natijalarini olqishladilar.

    Boʻlajak tadbirlar jadvali yuzasidan fikr almashildi.

    Oʻzbekiston bilan Yevropa Ittifoqi oʻrtasida kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik toʻgʻrisidagi Bitim loyihasi boʻyicha muzokaralar jarayoni bilan bogʻliq masalalarga alohida eʼtibor qaratildi.

    2019-yil iyun oyida qabul qilingan Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyo boʻyicha strategiyasida koʻzda tutilgan qoʻshma mintaqaviy dastur va tashabbuslarni amalga oshirish jarayoni tahlil qilindi.

    Uchrashuvda xalqaro va mintaqaviy kun tartibining dolzarb masalalari ham muhokama qilindi, deb xabar beradi Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati.