Yevropa diplomatlari bilan muloqot chogʻida Oʻzbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri v.b. Vladimir Norov mamlakat sanoat salohiyatini oshirish, shu jumladan, Yevropa davlatlarining ilgʻor texnologiyalari va nou-xauini jalb etish Oʻzbekiston iqtisodiy rivojlanishining ustuvor yoʻnalishlaridan biri ekanligini taʼkidladi.

Sanoat kooperatsiyasi uchun maydonlardan biri 2019-yili Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan davlat-xususiy sheriklik shaklida tashkil etilgan “TEXNOPARK” MCHJ boʻlib, uning faoliyati yuqori texnologiyali, raqobatbardosh, eksportbop va import oʻrnini bosuvchi ishlab chiqarish quvvatlarini yaratishga yoʻnaltirilgandir.

Diplomatik korpus vakillari ishlab chiqarish maydonlarini borib koʻrdilar, texnopark korxonalari tomonidan chiqarilayotgan qurilish materiallari, maishiy texnika, liftlar va eskalatorlar, suv nasoslari, metall konstruksiyalar, panel radiatorlari va boshqa mahsulotlar bilan tanishdilar.

“TEXNOPARK” MCHJ tomonidan joriy yili gaz qozonlari, bazaltdan issiqlik izolyatsion materiallar, HPL-panellar ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyilishi rejalashtirilgan. Avtomatlashtirilgan logistika markazini ishga tushirish ham koʻzda tutilgan. Qayd etilganidek, mazkur loyihalarning amalga oshirilishi 10 mingdan ziyod yangi ish oʻrni yaratish va eksport geografiyasini 30 mamlakatga yetkazish imkonini beradi.

Yevropalik hamkorlar “TEXNOPARK” MCHJning salohiyati va imkoniyatlarini yuqori baholab, Oʻzbekiston bilan oʻzaro manfaatli va uzoq muddatli hamkorlik qilishga tayyor ekanliklarini bildirdilar, deb xabar beradi Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati.