Sogʻliqni saqlash vazirligining xabar berishicha, yangi taqdim etilgan hisobotga koʻra, Jahon sogʻliqni saqlash tashkilotining Yevropa mintaqaviy byurosiga aʼzo mamlakatlarda oʻtgan yili qizamiqqa chalinish bilan bogʻliq 127 mingdan ziyod holat qayd etilgan.
Xavotirli jihati, bu — 2023-yilga nisbatan ikki baravar koʻp hamda 1997-yildan beri roʻyxatga olingan eng yuqori koʻrsatkichdir.
JSST va YUNICEFning bu boradagi tahlilida keltirilishicha, Yevropa hamda Markaziy Osiyoning 53 davlatini oʻz ichiga olgan mintaqada qizamiq tashxisi qoʻyilgan bemorlarning 40 foizdan ortigʻini besh yoshgacha boʻlgan bolalar tashkil qiladi.
Oʻsish surʼatlari koronavirus pandemiyasi davrida emlash qamrovi pasayishi bilan bogʻliq. Ammo ekspertlar hali-hanuz bir qator mamlakatlarda vaksinalar qabul qilish koʻrsatkichi pandemiyadan oldingi darajaga qaytmaganidan xavotirda. Bu esa epidemiya xavfini oshirmoqda.