Jahon sogʻliqni saqlash tashkilotining maʼlum qilishicha, hozir Buyuk Britaniyada 74, Ispaniyada 3 va Irlandiyada 4 ta shunday holat boʻyicha tekshiruvlar boshlangan.

AQSHda esa 9 ta noxush vaziyat boʻyicha tergov olib borilyapti. Ularning barchasi Alabama shtatida roʻyxatga olingan. Bemorlar — 1 yoshdan 6 yoshgacha boʻlgan bolalar. Ushbu sirli kasallik ulardan ikki nafarida jigar transplantatsiyasiga muhtojlikni yuzaga keltirdi.

Hozir sogʻliqni saqlash tizimi mutasaddilari boshqa shtatlarda ham bu singari holatlar yuz berganmi, yoʻqmi, shu haqda maʼlumotlar toʻplayapti.

JSSTga mazkur noodatiy xastalik toʻgʻrisida ilk bor shu yil aprel oyida xabar kelib tushgan. Keyinroq Shotlandiyada 10 nafar bola jigar zararlanishi bilan shifoxonaga yotqizilgani maʼlum boʻldi. Bemorlardan biri yanvar oyida, qolgan toʻqqiz nafari esa mart oyida xastalikka chalingan. Ularning barchasiga gepatit tashxisi qoʻyilgan.

Bolakaylarda sargʻayish, diareya va qorin ogʻrigʻi kabi umumiy belgilar mavjud edi. Oʻshandan buyon Buyuk Britaniyada yana kamida 64 ta shunday holat aniqlandi. Shukrki, bemorlardan hech biri vafot etgani yoʻq. Ammo endi olti nafari jigar transplantatsiyasiga muhtoj.

Laboratoriya tekshiruvlarida ushbu kasallikni keltirib chiqaruvchi infeksiya gepatit A, V, S va Ye viruslari emasligi maʼlum boʻldi. Mutaxassislar bu holat adenoviruslar tarqalishi kuchaygani bilan bogʻliq boʻlishi mumkin, degan fikrda.

Chunki ana shu virusning ayrim turlari nafaqat isitma, tomoq ogʻrigʻi, yoʻtal, balki oshqozon va ichaklarning yalligʻlanishi kabi asoratlarni ham keltirib chiqarishi kuzatilgan.

JSST bayonotida aytilishicha, kasallikning oʻziga xos viruslar bilan bogʻliqligini aniqlash uchun koʻproq laboratoriya tekshiruvlari zarur. Biroq tashkilot hozircha ushbu nomaʼlum xastalikka doir hech qanday epidemiologik xavfni eʼlon qilgani yoʻq, deb xabar beradi Sogʻliqni saqlash vazirligi matbuot xizmati.