Bevosita va onlayn shaklda oʻtkazilgan tadbirda Oʻzbekiston, Rossiya, Koreya, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Polsha va Ukraina biznes-ombudsmanlari, YEXHTning Oʻzbekistondagi vakolatxonalari, IHRT, YETTB, GIZ (Germaniya), Yevropa Kengashi, BMT, AQSH xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID), Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA), Koreya xalqaro hamkorlik agentligi (KOICA), Turkiya hamkorlik va muvofiqlashtirish agentligi (TIKA), vazirlik va idoralar rahbarlari, xalqaro ekspertlar va jamoat arboblari, nodavlat notijorat tashkilotlari, xususiy sektor va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Forum Yevropa va Osiyo biznes-ombudsmanlari oʻrtasida mintaqalararo hamkorlikni kengaytirish, ishbilarmonlik va investitsiyaviy muhitni yaxshilash, tadbirkorlik subyektlarini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlashni kuchaytirish, biznesga bosimni kamaytirish, huquqiy toʻsiqlarni bartaraf etish, shuningdek, pandemiya va koviddan keyingi davrlarda tadbirkorlar huquqlarini himoya qilish boʻyicha tajriba va shakllangan amaliyot bilan almashishga qaratilgan qoʻshma chora-tadbirlarni muhokama qilishga bagʻishlangan.

Forumning ochilish marosimida Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov soʻzga chiqib, mamlakatimizda iqtisodiyotni erkinlashtirish, tadbirkorlikni rivojlantirish, qonun ustuvorligini taʼminlash, korrupsiyaga qarshi kurashish va ishbilarmonlik muhitining oshkoraligini taʼminlashga qaratilgan keng koʻlamli islohotlarning ahamiyati va samaradorligini qayd etdi.

Xususan, Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining hisob-kitoblariga koʻra, Oʻzbekiston mintaqada eng tez oʻsib borayotgan iqtisodiyotga ega boʻlib, uning yalpi ichki mahsulot oʻsishi 2021-yil yakunlariga koʻra 6,3 foizni, 2022-yilda esa 6,1 foizni tashkil etadi. Moodyʼs xalqaro reyting agentligi Oʻzbekistonga birinchi marta ijobiy reyting bahosini berdi. Bundan tashqari, shu yilda Oʻzbekiston Yevropa Ittifoqining Preferensiyalar Bosh tizimi (GSP+)ning va Buyuk Britaniyaning Preferensiyalar Bosh tizimining Kengaytirilgan sxemasi (GSP EF) benefitsiar mamlakati maqomiga ega boʻldi. Shuningdek, mamlakatimiz tarixida birinchi marta Oʻzbekiston BMT inson huquqlari Kengashi aʼzosi etib saylandi hamda ochiq maʼlumotlar global indeksida 44-oʻrinni egallab, 125 pogʻonaga koʻtarildi.

Jamiyatni yanada demokratlashtirish va erkin bozor iqtisodiyotini shakllantirishga qaratilgan ortga qaytmas islohotlarning davom etishga qatʼiy sodiqlik bildirildi. Shuningdek, biznesni rivojlantirish yoʻlidagi toʻsiqlarni bartaraf etish va yuzaga kelayotgan muammolarni hal etishda bevosita qatnashish orqali hukumatning investorlar, tadbirkorlar va eksportyorlarga har tomonlama yordam koʻrsatishga tayyorligi qayd etildi.

Forum doirasida bir qator alohida mavzularda sessiyalar boʻlib oʻtdi, unda biznesni himoya qilishning xorijiy amaliyotlari va koviddan keyingi davrda tadbirkorlarni amaliy qoʻllab-quvvatlash mexanizmlari muhokama qilindi, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.

Tadbir yakunida tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, biznesni rivojlantirishni qoʻllab-quvvatlash, shuningdek, xalqaro hamkorlik sohalarida munosabatlarning asosiy tamoyillari belgilab berilgan Yevropa va Osiyo tadbirkorlar huquqlarini himoya qilish vakillari Forumining Toshkent Deklaratsiyasi imzolandi. Deklaratsiyaga koʻra, tadbirkorlar huquqlarini himoya qilish boʻyicha vakillarining Maslahat qoʻmitasi ham tashkil etiladi va u Yevropa va Osiyodagi biznes-ombudsmanlari hamkorligi uchun samarali doimiy platforma boʻlishi kutilmoqda.