Unda Oʻzbekiston, Rossiya Federatsiyasi, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Gruziya, Ukraina, tadbirkorlar huquqlarini himoya qilish boʻyicha vakillar (Biznes-ombudsmanlar), Koreya Respublikasidagi investorlar huquqlarini himoya qilish boʻyicha Ombudsman hamda Polshadagi kichik va oʻrta korxonalar boʻyicha Ombudsmanlar ishtirok etdi. Ushbu tadbir doirasida amalga oshiriladigan hamkorlik davlatning iqtisodiyotdagi ishtirokini qisqartirishga, tadbirkorlarni maksimal darajada qoʻllab-quvvatlashga va biznes yuritish uchun oʻta sodda sharoitlarni yaratishga qaratilgan institutsional va tarkibiy islohotlarni amalga oshirish imkonini beradi.

Forum davomida boʻyicha tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish va hurmat qilish, xususiy sektorda qonuniylik va huquq-tartibotni taʼminlash boʻyicha birgalikdagi saʼy-harakatlarni amalga oshirish chora-tadbirlarini oʻzida aks ettiruvchi Toshkent deklaratsiyasi imzolanishi kutilmoqda. Deklaratsiyani imzolash orqali forum ishtirokchilari milliy va xalqaro normativ-huquqiy hujjatlarini qoʻllash boʻyicha bir-birlariga huquqiy maslahatlar berishga tayyor ekanliklarini tasdiqlaydilar. Oʻzbekistonning koʻplab davlatlar bilan jadal rivojlanib borayotgan iqtisodiy aloqalarini hisobga oladigan boʻlsak, mazkur chora-tadbirlar forumda ishtirok etayotgan davlatlar hududida oʻzbek tadbirkorlarini himoya qilish va Oʻzbekistonda xorijiy tadbirkorlarni himoya qilishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Taʼkidlash joizki, ilgari Oʻzbekiston Biznes-ombudsmani tomonidan Rossiya Federatsiyasi, Qozogʻiston va Gruziya mamlakatlarining Biznes-ombudsmanlari bilan memorandumlar imzolangan edi. Toshkent deklaratsiyasining imzolanishi turli mamlakatlar Biznes-ombudsmanlari oʻrtasidagi hamkorlikni yangi bosqichga koʻtarishga imkon yaratadi, vaholanki mazkur hujjat tadbirkorlik subyektlari huquqlarini himoya qilish sohasida hamkorlikni yanada kengaytirish, fikr, axborot va amaliy tajriba almashish maqsadida doimiy ravishda uchrashuvlar oʻtkazishni nazarda tutadi.

Toshkent deklaratsiyasida belgilangan chora-tadbirlarning amalga oshirilishi ishtirokchi-davlatlar iqtisodiyotining raqobatbardoshligini oshirishda shubhasiz ijobiy samara beradi.

Maʼlumot oʻrnida:

Oʻzbekistonda Biznes-ombudsman instituti 2017-yilda tashkil etilgan edi. Ushbu institut davlatning tadbirkorlik faoliyatiga aralashuvining oldini olish, shuningdek, tadbirkorlarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilishga ixtisoslashgan organ sifatida mamlakatimizda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash va investitsiya jozibadorligini oshirishga hissa qoʻshmoqda.

2021-yil davomida ushbu tashkilotga 10 mingga yaqin murojaat kelib tushgan boʻlsa, shundan 6 mingga yaqini ijobiy hal etilgan, 3 mingga yaqin murojaat egasiga tushuntirish ishlari olib borilgan. Qolganlari esa tegishli tartibda vakolatli organlarga koʻrib chiqish uchun yuborilgan. Bundan tashqari, tadbirkorlik subyektlari huquqlarini himoya qilish, olib boriladigan tekshiruv ishlarida ularning huquqlari ustuvorligini taʼminlash maqsadida nazorat qiluvchi organlar va ular tomonidan amalga oshirilgan tekshiruvlarning qonuniyligi koʻrib chiqilib, monitoring qilindi. Buning natijasida qonun buzilish holatini sodir etgan mansabdor shaxsga nisbatan ikki mingga yaqin maʼmuriy javobgarlik choralari koʻrilgan.

Sohiba Mullayeva,

“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri