Yevropada shakar narxi keskin koʻtarildi. Germaniyada 63 foizga, Italiya va Ispaniyada 51 foizga oshgan.

Buning sababi energiya inqirozi deyilmoqda, chunki koʻpchilik zavodlar tabiiy gazda ishlaydi.

Profinance.ru portali maʼlumotlariga koʻra, shakar narxi ayni paytda soʻnggi olti yillikdagi eng yuqori koʻrsatkichda, bunga Osiyoning yirik yetkazib beruvchisi Hindiston eksport hajmini oshirishni istamayapti degan mish-mishlar tarqalishi ham taʼsir koʻrsatyotgan boʻlishi mumkin.

Marex tahlilchisi Robin Shouning fikriga koʻra, Maxarashtra mintaqasidagi qator shakar zavodlarining muddatidan oldin yopilganligi haqidagi xabarlar qamish tonnasi haddan tashqari oshirib koʻrsatilganidan dalolat beradi. Bundan tashqari, Braziliya shakar yetkazib berishni qisqartirishi haqidagi maʼlumotlar ham bor, deb yozadi nashr.

Narxlarning koʻtarilishida Yevropadagi noqulay ob-havo sharoiti va shakar olinadigan oʻsimliklar yetishtirishda pestitsidlardan foydalanishga qoʻilgan taqiq ham rol oʻynagan boʻlishi mumkin.

Oʻtgan yilning sentyabr oyida Platts Analytics ekspertlari 2022/23 yilgi mavsumda global balansda 4,8 million tonna shakar zaxirasi boʻlishini bashorat qilishgan edi. Tahlilchilarning fikricha, 2022/23 yillarda Braziliya 32,5 million tonna shakar ishlab chiqaradi, Tailand – 11,5 million tonnadan sal koʻproq.

Hindistonda shakar ishlab chiqarish oʻtgan yili eng yuqori darajaga koʻtarilib, 2022/23 yillarda etanol ishlab chiqarishga yoʻnaltirilgan 4,1 million tonna shakar chegirib tashlanganidan keyin 36,1 million tonnaga yetishi kutilmoqda.

Ushbu mamlakatlarda shakar ishlab chiqarishning oʻsishi korxonalar uchun energiya tanqisligi xavfi bilan birga kuchli qurgʻoqchilik natijasida shakar zaxirasi kamayishi kutilayotgan Yevropa uchun muhim ahamiyatga ega.

Bashorat qilinganidek, ob-havo quruq boʻlib qolsa, ishlab chiqarishning keyingi qisqarishi istisno qilinmaydi. Bunga Qoʻshma Shtatlar va Meksikadagi noqulay ob-havo sharoiti qoʻshiladi, bu esa ushbu hududlarda ham ishlab chiqarish uchun qoʻshimcha xavf tugʻdiradi.