Evropa Ittifoqida emlash kampaniyasi yakshanba kunidan rasman boshlandi. Ammo, Euronews ma'lumotlariga ko'ra, hozircha vaksinalar kam va birinchi navbatda eng zaif qatlam: keksa fuqarolar va koronavirus bilan ishlaydigan shifokorlar emlanmoqda.
Evropada Amerikaning Pfizer farmasevtika kompaniyasi va Germaniyaning BioNTech preparatidan foydalanilmoqda. Ushbu vaksina bilan allaqachon dunyo bo'ylab bir yarim millionga yaqin odam emlangan.
Siyosatchilar butun Evropa Ittifoqi bo'ylab bir vaqtning o'zida emlashni tashkil qilish — ishlab chiqarish, saqlash va qat'iy haroratda etkazib berish kabi ulkan tadbirning muvaffaqiyatli o'tkazilishini e'lon qilishmoqda.
Shuningdek, ular vaksina barcha fuqarolar uchun bepul bo'lishi, hech kim emlanishga majbur qilinmasligini va'da qilmoqda. Zero, hammaning ham emlanishga xohishi yo'q. Masalan, Ruminiyada o'tkazilgan so'rovlarga ko'ra, vaksinaga ishonmaydigan, nojo'ya ta'sirlaridan qo'rqadigan yoki shunchaki zarur deb hisoblamaydigan fuqarolarning uchdan bir qismi emlanishni xohlamayapti.