“Oʻzbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasi” AJ axborot xizmati xabar berishicha, birjaning yangi savdo maydonchasini ishga tushirilishi bilan bugʻdoy, shakar, paxta yogʻi va boshqa mahsulotlarini birjaning elektron savdo tizimlari orqali erkin import qilish, shuningdek, neft mahsulotlari, qora metallar, kimyoviy mahsulotlar, elektrotexnika mashinalari va uskunalarini eksport qilish imkoniyatlari ochilmoqda.

Bunda xorijiy kompaniyalar birja savdolari va elektron tijoratning bozor mexanizmlari imkoniyatlaridan foydalangan holda Oʻzbekiston tovar bozorlariga toʻgʻridan-toʻgʻri chiqishlari mumkin.

Mazkur elektron savdo tizimi mijozlarga xizmat koʻrsatishning yagona mexanizmi, amalga oshiriladigan savdo va hisob-kitoblarning shaffofligi, ishonchli tovar ishlab chiqaruvchilar bilan bevosita aloqa oʻrnatish, vaqt va mablagʻ tejamkorliligi, shuningdek toʻlovlarni va tovarni yetkazib berishning kafolatlash kabi afzalliklarga ega.

Mahalliy tovar ishlab chiqaruvchilar va tadbirkorlarimiz oʻz navbatida, xorijda faoliyat yuritayotgan birja savdo maydonchalarining birja va marketing xizmatlaridan foydalanib, oʻz mahsulotlarini tashqi bozorlarga samarali usul bilan olib chiqishlari ham mumkin.

Eslatib oʻtamiz, Oʻzbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasining xalqaro savdo tarmogʻi Belarus Respublikasi, Qozogʻiston Respublikasi, Qirgʻiziston Respublikasi, Rossiya Federatsiyasi va Xitoy Xalq Respublikasi, Tojikiston Respublikasi va Ukrainada joylashgan birja ofislarini oʻz ichiga qamrab oladi.

Shunday qilib, hozirgi kunda “Oʻzbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasi” AJ xalqaro savdo tarmogʻi 15 ta xorijiy savdo maydonchalaridan iborat.

Maʼlumot uchun: Xorijiy savdo maydonchalari bu elektron birja savdolarining yagona tizimiga ulangan birjaning masofadagi savdo markazlaridir. Ular tadbirkorlarga birja savdolarida erkin qatnashish huquqini va birja bitimlarni mustaqil ravishda roʻyxatdan oʻtkazish imkoniyatini beradi.