Rossiyaning “Yevrotsement” xalqaro sanoat xoldingi “Oxangaronsement”dagi aksiyalarini sotmoqchi. Bu haqda “Toshkent” fond birjasi maʼlumotlariga tayanib Spot xabar bermoqda.

Kompaniya muzokaralar auksioni rejimida boʻlib oʻtadigan navbatdagi birja bitimini eʼlon qildi. Gap 4 mln 141 ming 108 ta oddiy hujjatsiz aksiyalar haqida ketmoqda. Har bir aksiyaning narxi kamida 103593,05 soʻm etib belgilangan. Bu kompaniyaning mavjud 84,19 foiz ulushining barchasi hisoblanadi, deya yozmoqda nashr.

Aksiyalar bitta lot orqali sotilmoqda. Agar kelishuv yuqorida qayd etilgan shartlarda amalga oshirilsa, umumiy qiymati qariyb 429 mlrd soʻmni tashkil etadi. Avvalroq, “Yevrotsement” qarzlari sababli Sberbank boshqaruviga oʻtdi va allaqachon sotuvga qoʻyilishga ham ulgurdi.

2019-yil yakunlari boʻyicha “Oxangaronsement”ning sof foydasi 179,8 mlrd soʻmni qayd etdi. 2020-yilning 9 oyida esa — 187,1 mlrd soʻmni tashkil etgan.