Suhbat chogʻida mamlakatimizda inson huquqlarini, gender tenglikni hamda OAV erkinligini taʼminlash sohalarida amalga oshirilayotgan islohotlar va demokratik jarayonlar yuzasidan fikr almashildi.

Shuningdek, Oʻzbekistonning YeXHT bilan hamkorlik masalalariga, tashkilot loyihalarini yurtimizda amalga oshirish borasida qilinayotgan ishlarga ham toʻxtalib oʻtildi.

Keyingi yillarda Oʻzbekiston Oliy Majlisining YeXHT Parlament Assambleyasi bilan oʻzaro hamkorligi sezilarli darajada faollashgani, munosabatlar sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtarilgani alohida taʼkidlab oʻtildi.

YeXHT bilan iqtisodiy va ekologik sohadagi hamkorlik yoʻnalishida foydalanilmagan ulkan salohiyat mavjud ekani, bu borada yangi loyihalarni yoʻlga qoʻyish lozimligi qayd etildi.

Shuningdek, uchrashuv davomida mehmonlarga ayni paytda Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan konstitutsiyaviy islohotlarning borishi, unda “Jamiyat — islohotlar tashabbuskori” gʻoyasi asosida keng jamoatchilikning fikri va takliflari inobatga olinayotgani haqida maʼlumotlar berildi.

Kelasi yilda tarixda ilk bor Oʻzbekistonda oʻtkaziladigan YeXHT Parlament Assambleyasi kuzgi sessiyasini unumli oʻtkazish yuzasidan ham fikr almashildi.

Uchrashuv yakunida istiqboldagi rejalar va loyihalarni hayotga tatbiq etishda hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlashga kelishib olindi.

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Axborot xizmati.