Uchrashuvda Oʻzbekistoning YeXHT bilan munosabatlarining hozirgi holati va istiqbollari, xususan, xavfsizlik va barqaror rivojlanish sohalaridagi hamkorligi masalalari muhokama qilindi.

Taʼkidlanganidek, bugun Oʻzbekiston va YeXHT hamkorligi transmilliy tahdidlarga qarshi kurashish, jamiyatni demokratlashtirish jarayonlarini takomillashtirish, davlat boshqaruvi samaradorligi va shaffofligini oshirish, raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish, yashil iqtisodiyot va atrof muhitni muhofaza qilish tamoyillarini rivojlantirishga koʻmaklashish, inson huquqlarini himoya qilishni taʼminlash, gender tenglik tamoyillarini ilgari surish kabi dolzarb sohalarda rivojlanib bormoqda.

Uchrashuvda hamkorlikning muhim yoʻnalishi hisoblangan parlamentlararo munosabatlar ham diqqat markazida boʻldi. Keyingi yillarda Oʻzbekiston Oliy Majlisining YeXHT Parlament Assambleyasi bilan oʻzaro hamkorligi sezilarli darajada faollashgani, oʻzaro aloqalar sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtarilgani alohida qayd etib oʻtildi.

Shuningdek, T.Narbayeva YeXHT bilan hamkorlikning yangi qadami sifatida Oliy Majlisning samaradorligi, shaffofligi va jamoatchilik bilan aloqalarni mustahkamlash uchun institutsional va kadrlar salohiyatini yaxshilashda ekspertlik va texnik koʻmak koʻrsatish yuzasidan birgalikda qoʻshma loyiha ishlab chiqish tashabbusini ilgari surdi.

X.Shmid tomonidan mazkur amaliy taklif toʻliq qoʻllab-quvvatlanib, bu borada YeXHT samarali hamkorlikka tayyor ekanligini bildirdi.

Ayni paytda uchrashuv chogʻida barcha mamlakatlar uchun kun tartibidagi muhim yoʻnalish – ekologiya va atrof muhit masalalari, xususan, iqlim oʻzgarishiga qarshi kurashish va yashil iqtisodiyotni rivojlantirish borasida qoʻshma loyihalarni amalga oshirish boʻyicha takliflar ham ilgari surildi.

Samimiy va konstruktiv ruhda kechgan uchrashuvda muhokama etilgan barcha masalalar boʻyicha hamkorlikni kuchaytirishga kelishib olindi.

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Axborot xizmati.