Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori moʻtabar mehmonga Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy strategiyasini amalga oshirish borasidagi ishlar toʻgʻrisida maʼlumot berdi. Shuningdek, gender tenglik va yoshlar siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridagi faoliyat samaralari haqida toʻxtaldi.
YEXHTning amaldagi raisi, Shvetsiya Qirolligi tashqi ishlar vaziri A.Linde Oʻzbekistonning BMT Inson huquqlari boʻyicha kengashiga aʼzo boʻlganini qutlar ekan, inson huquqlariga doir tashabbuslarni ilgari surish borasida muvaffaqiyatlar tiladi. YEXHTning amaldagi raisi Oʻzbekiston Respublikasida olib borilayotgan gender siyosatini, bu siyosatning aynan ijtimoiy-siyosiy hayotda xotin-qizlar roli va mavqeini oshirishga qaratilganini ham yuqori baholadi.
Oʻzaro muloqot davomida YEXHT bilan hamkorlik va ikki tomonlama oʻzaro aloqalarning istiqboldagi imkoniyatlariga eʼtibor qaratildi. Qoʻshma loyihalar, jumladan, institutsional rivojlanish loyihalarini amalga oshirish masalalari koʻrib chiqildi.
Mehmonlarga Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi YEXHTning Oʻzbekistondagi Loyihalari muvofiqlashtiruvchisi bilan birgalikda nashrga tayyorlagan va chop ettirgan yangi kitoblar taqdim etildi, deb xabar beradi Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi matbuot xizmati.