76 yil avval qulab tushgan samolyot muz erigach topildi

    Bilasizmi? 24 Sentabr 2020 673

    Islandiyada, orolning janubidagi Eyyafyatlayokudl muz qoyalari orasidan bundan 76 yil avval qulab tushgan B-17 Flying Fortress bombardimonchi samolyotning parchalari koʻrindi, deb xabar beradi Daily Mail.

    Xabardan maʼlum boʻlishicha, 1944-yil 16-sentyabrda Islandiyaning Keflavk aeroportidan yoqilgʻi quyib olib Angliya tomon uchib ketayotgan Amerika bombardimonchi samolyoti noqulay ob-havo tufayli muz qoyalar orasiga qulab tushgan.

    Samolyot yumshoq qorga qoʻngan, lekin qanoti uzilib, dvigateli yonib ketgan. Shunga qaramay, 10 nafar ekipaj aʼzolari halokatdan omon qolganlar. Samolyot parchalari Eyyafyatlayokudlda muzlab qolib ketgan.

    Oʻnlab yillar vaqt oʻtgach, muzlar erishi natijasida samolyot koʻzga tashlangan. Endi mahalliy aholi bu yerni diqqatga sazovor joy deb belgilab, samolyot parchalarini togʻdan olib tashlamoqchi emas.

    Avvalroq, aniqrogʻi avgust oyida “Izvestiya”da Lipesk oblastida Ikkinchi jahon urushi davrida chilparchin boʻlgan LAGG-3 qiruvchi samolyoti parchalari topilgan edi. “Vaxta pamyati” (xotira vaxtasi) davrida volontyorlar samolyotning qoplamalarini, shuningdek uchuvchining jasadi qoldiqlarini topgan. Taxmin qilinishicha, samolyot 1942-yilda urib tushirilgan, deb xabar beradi “Izvestiya”.