Mahallalarda Respublika Ma'naviyat va ma'rifat markazi hamda Oliy Majlis huzuridagi jamoat fondi, “Ma'rifat” targ'ibotchilar jamiyati tomonidan “Ezgulik – shiorimiz, ma'rifat – qurolimiz” shiori ostida o'tkazilayotgan ma'naviy-ma'rifiy tadbirlarda jamiyatimizning faol xotin-qizlari “Ma'naviyat fidoyisi” ko'krak nishoni bilan taqdirlanyapti.
Xotin-qizlarni ijtimoiy qo'llab-quvvatlash, gender tenglik borasidagi islohotlardan kelib chiqib Respublika Ma'naviyat va ma'rifat markazi, “Ma'rifat” targ'ibotchilar jamiyati tomonidan qator loyihalar amalga oshirilmoqda. Viloyatlarda o'tkazilayotgan tadbirlar ham har bir o'zbek ayolining o'z oilasi va jamiyatda ibrat ko'rsatishi, farzand tarbiyasidagi mas'uliyatiga qaratilgan. Zero, bu maqsad har o'n ayoldan birining qalbiga jo bo'lsa ham qancha-qancha oilalar hayotida tub burilish yasaydi.
Darhaqiqat, xalqimiz o'zi kabi samimiy taniqli kishilar tabassumidan, bir og'iz shirin so'zidan kuch oladi. Ozgina e'tibor ko'ngillarni tog'dek ko'taradi. Mashhur shoiru yozuvchilar, aktyoru aktrisalar, xushovoz xonandalar ham aslida xalq olqishi bilan aziz.
O'zbekiston Milliy universitetida makroiqtisodiyot kafedrasi katta o'qituvchisi bo'lib ishlayotgan Aziza Mirzaevaning to'rt farzandi bor. O'g'li Alisher ham ayni universitetning iqtisodiyot fakul`tetida o'qituvchi. Yana bir o'g'li Jasur Chikago universiteti (AQSh) talabasi. Qizi Durdona esa o'zimizdagi nufuzli oliygoh magistranti. Kenjasi Kamron hali o'quvchi. U ham akalari yo'lidan borishni maqsad qilgan.
O'tgan yili turmush o'rtog'idan ajrab qolgan Zarofat Rixsiboeva ham to'rt farzandning onasi. To'ng'ich o'g'li Toshkent davlat agrar universitetidan tashqari Biznes va tadbirkorlik oliy maktabini tamomlagan. Ayni paytda Qishloq xo'jaligi vazirligi huzuridagi Agrosanoatni raqamlashtirish markazida ishlaydi. Ikkinchi o'g'il qurilish mollari korxonasi direktori.
Bu ayollar o'z sohasida ibratli natijalarga erishgani, davlat va jamiyat hayotida faol ishtirok etib, yosh avlodni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga munosib hissa qo'shib kelayotgani uchun Respublika Ma'naviyat va ma'rifat markazining “Ma'naviyat fidoyisi” ko'krak nishoniga munosib ko'rildi.
– Bu tadbir biz, ayollarning kayfiyatimizni juda ko'tardi. Poytaxtdan kelgan mehmonlarning, ayniqsa, oilalardagi tinchlik, totuvlik siri, ota-onaning farzandlariga mehri, e'tibori haqidagi tavsiyalardan o'zimizga xulosalar oldik. Har bir xonadonda kamida 50 tadan kitob bo'lishi kerakligi aytildi. Vaqtdan unumli foydalanib, nabiralarimizning ko'proq kitob o'qishi, vatanni ko'proq sevishiga biz buvijonlar ham ta'sir o'tkazishimiz lozim. el e'zozlagan kishilar baribir boshqacha bo'lishadi-da. Bunaqangi tadbirlarni tez-tez o'tkazish kerak. Ayniqsa, farzand tarbiyalayotgan yosh onalarga juda katta maktab bo'ladi, – deydi jizzaxlik Fotima opa Nurmatova.
Tadbirlarda qatnashayotgan kayvoni onaxonlar, mahallalardagi faol ayollar, ijtimoiy-iqtisodiy sohalarda faoliyat yuritayotgan xotin-qizlar, o'quvchi yoshlarning ma'rifat targ'ibotchilari bilan suhbatlar qurib, oilada farzand tarbiyasi, kitobxonlik, ayniqsa, qiz bolaning jamiyatda o'z o'rnini topishi yuzasidan fikr almashayotgani quvonarli.
– Prezidentimiz xotin-qizlar bayrami munosabati bilan yo'llagan tabrigida har bitta oilada ayollar, opa-singillarimiz ma'rifatli bo'lsa, kelajakda ularning farzandlari ham shunday ma'rifatli bo'lishini aytdi. Buning uchun “Ezgulik — shiorimiz, ma'rifat — qurolimiz” shiori ostida har bitta mahallada ma'naviy-ma'rifiy tadbirlar o'tkazish bo'yicha vazifalarni belgilab berdi. Jomboyga taniqli san'atkorlar, olimlar, professorlarning kelgani ham mana shu vazifalar ijrosining amaldagi ifodasi, davlatimiz rahbari aytgan gaplarning har bir xonadonga kirib borayotganidir, – deydi “Mahalla” xayriya jamoat fondi Jomboy tumani bo'limi raisi Hafiza O'sarova.
Narzulla Jo'raev, Gavhar Zokirova, Jamila Shermuhammedova kabi fidoyi ma'naviyat targ'ibotchilari ham mana shunday paytda fuqarolarning orasida yurish, ularning orzulari, qukvonchlariga sherik bo'lish o'z burchi ekanini quvonch bilan ta'kidlashdi. Ular ijtimoiy tarmoqlarda vaqt o'tkazish o'rniga xonadonlarda shaxsiy kutubxona tashkil etish, oila mustahkam va mukammalligi uchun intilish kerakligi haqidagi jo'yali maslahatlari iliq qabul qilinayotganidan benihoya xursand. Ijtimoiy himoyaga muhtoj ayollar xonadoniga tashriflar, ularning ko'ngillarini ko'tarishdek ezgu ishlar esa muqaddas oyga yanada shukuh berayotgandek.
Begmat OCHILOV,
Respublika Ma'naviyat va ma'rifat markazi bo'lim boshlig'i