Buxoro viloyatida Bolalarni qoʻllab-quvvatlash jamoat fondi tomonidan viloyatda istiqomat qiluvchi ehtiyojmand, kam taʼminlangan, ogʻir sharoitga tushgan oilalardagi bemor bolalarga konsultativ va ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam koʻrsatish maqsadida navbatdagi “Ezgulik manzili” xayriya aksiyasi boshlandi. Bu aksiyaga Toshkent pediatriya tibbiyot instituti klinikasining tajribali mutaxassislari jamoasi tashrif buyurishgan.

Bolalar koʻp tarmoqli tibbiyot markazida tashkil etilgan mazkur aksiyadan koʻzlangan asosiy maqsad jamgʻarmaning tibbiy dasturlariga asosan ogʻir tashhisli bemor bolalarni davolash, bepul dori-darmon vositalari bilan taʼminlash, ularning salomatligini muntazam tiklash, operatsiya yoʻli bilan davolanishga muhtoj boʻlgan bemor bolalarda murakkab operatsiya amaliyotlarini oʻtkazishdir.

Bolalarni qoʻllab-quvvatlash jamoat fondi tomonidan bu kabi aksiyalar respublikamiz boʻylab muntazam ravishda oʻtkazib kelinmoqda. Shu kungacha, xuddi shu kabi 100 nafar bolani operatsiya qilish, ularni reabilitatsiya qilish chora-tadbirlari uyushgan tarzda yurtimiz va xorijlik shifokorlar ishtirokida amalga oshirildi.

Aksiya doirasida 200 dan ortiq bemor bolalar va ularning ota-onalari tashrif buyurdi. Ularga yuqori malakali mutaxassislar tomonidan plastik xirurgiya, ortopediya, travmatologiya, oftalmologiya, otolaringologiya, kardioxirurgiya yoʻnalishlari boʻyicha chuqurlashtirilgan tibbiy tekshiruv va maslahatlar berildi. Shifokorlarning tavsiya va xulosalari asosida ayrim bolalarga shu yerning oʻzida operatsiya amaliyotlari oʻtkaziladigan boʻldi. Qolgan bolalarda esa bu jarayonlar bosqichma-bosqich amalga oshiriladi. Ijtimoiy himoyaga muhtoj bolalarning ota-onalari esa bu muruvvat yordamidan mamnun.

Davlatimiz rahbarining bevosita tashabbusi bilan tashkil etilgan Jamoat fondi faoliyat boshlaganiga hali koʻp boʻlgani yoʻq. Oʻtgan davr mobaynida respublikamizning koʻpgina hududlaridan tibbiy-ijtimoiy yordamga muhtoj bolajonlarga xayriya yordami, operatsiya xarajatlari toʻliq qoplab berildi. Buxoroda oʻtkazilayotgan aksiya doirasida ham Jamoat fondi tomonidan nafaqat bolalarni operatsiya qilish, balki ularni sogʻlomlashtirish, zarur dori vositalari bilan taʼminlash kabi xarajatlar ham toʻliq qoplab berilmoqda.

Eʼtiroflisi, Bolalarni qoʻllab-quvvatlash Jamoat Fondi tomonidan nafaqat yurtimiz, balki xorijiy klinikalar bilan ham hamkorlik memorandumlari imzolangan. Bu kelishuv doirasida ham qator ijtimoiy-tibbiy loyihalarini amalga oshirish koʻzda tutilgan.

Albatta, bu kabi ijtimoiy aksiyalarning doimiy ravishda oʻtkazilayotganligi bemor bolalarni davolash, ularni sogʻlom hayotga qaytarish yoʻlidagi ezgu amallardan biri hisoblanadi.

Mazkur aksiya 21-mayga qadar davom etadi.