Vatanparvarlik – bu fikr, milliy va umuminsoniy qadriyatlar tarbiyasining mahsulidir. Zero, Prezident Shavkat Mirziyoyev ham “Bugungi kunda har birimiz amalda Vatan himoyachisi boʻlishimiz, yoshlarimizni ham shu ruhda kamol toptirishimiz zarur”, ekanligi haqida taʼkidlab keladi.
Dunyo keskin kurash, mafkuralarning raqobat maydoniga aylanmoqda. Ayniqsa, bugun yoshlar ongini, ruhini egallash borasida tahdidlar koʻp. Bunday tahlikali vaziyatda har kuni milliy ruh “qoʻngʻirogʻi” qulogʻimizda jaranglab turishi lozim. Bu qoʻngʻiroq bizni uygʻotuvchi, sergak tortiruvchi, ogohlantiruvchi kuchdir.
Davlatimiz rahbari Xorazm viloyatiga tashrifi davomida Urganch shahridagi Jaloliddin Manguberdi nomidagi harbiy-akademik litseyida boʻlib, bu yerdagi taʼlim jarayonlari bilan tanishgan edi. Oʻqituvchi va oʻquvchilar bilan suhbatlashib, Jaloliddin Manguberdining vatanparvarligi, jasorati yosh avlod uchun ibrat ekanligini taʼkidladi.
– Bu yerda aniq fanlar oʻqitilishi yaxshi. Shu bilan birga, dars jarayonlarida vatanparvarlik tarbiyasiga alohida eʼtibor qaratish, qadriyatlarimizni ham oʻrgatish lozim. Shunday boʻlishi kerakki, milliy ruh va gʻurur yoshlarning eng kuchli quroli boʻlishi kerak, – dedi davlatimiz rahbari.
Harbiy-jangovar qudrat, yuksak maʼnaviy salohiyat yurt himoyachilarining muhim tayanchi ekaniga urgʻu berildi. Darhaqiqat, jangchining quroli — uning yuksak jangovarlik ruhidir. Bunga tarix ham koʻp guvoh boʻlgan.
Zero, Vatanni avvalo, kuchli muhabbat, uygʻoq qalb, bezovta vijdon bilan toʻyingan milliy ruh himoya qiladi. Qoʻldagi qurol bu ruh bilangina qudratga aylana oladi.
Prezidentning mazkur hayotbaxsh gʻoyasini amalga oshirish maqsadida Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi, Oʻzbekiston Kinematografiya agentligi, Respublikasi Mudofaa vazirligi hamkorlikda “Yangi Oʻzbekistonning yangi kinolari” shiori asosida “Kinokarvon” tadbirlarini oʻtkazish rejalashtirilmoqda.
Mazkur tadbirlarning birinchisi aynan Urganch shahridagi Jaloliddin Manguberdi nomidagi harbiy-akademik litseyida boʻlib oʻtdi. Unda yoshlar kinorejissyor Hilol Nasimov, aktyor Davron Karimovlar bilan muloqot qildi. Qiziqtirgan savollariga javob oldi. Uchrashuv davomida Hilol Nasimovning “Vatan ostonasida” badiiy filmi namoyish etildi.
Kino — tarbiya, maʼrifat, ruhiy quvvatdir. Shu maʼnoda yoshlar filmdan olgan katta tassurotlari haqida fikrlarini bildirdi.
Shuningdek, harbiy-akademik litseyining oʻquvchilar bilan xalqimizning sevimli teatr va kino aktyorlari Yodgor Sagdiyev, Erkin Komilov, Zuhra Ashurova, Muqaddas Holiqova, Saida Rametova,Tohir Saidov, Raʼno Yarasheva, Dilnoza Kubayeva, Marat Azimov,Hamza Hasanov va Sharofiddin Muzrofovlar ishtirokida ijodiy uchrashuvlar oʻtkazildi.
Bunday tadbirlar davomli tarzda oʻtkazilishi rejalashtirilmoqda. Haftaning juma kuni kinolar namoyishi boʻlsa, shanba “Teatr kuni”, haftada bir kun vatanparvarlik ruhidagi sheʼriyat kunlari oʻtkaziladi. Zero, bu maskanda tahsil oluvchi har bir oʻquvchi ertaga vatanni muhabbati, jasoratli jangovar ruhi, milliy gʻururi bilan ham himoya qiluvchi ertaning qudratli kuchlaridir.
Bu kabi “Kinokarvon” tadbirlari har bir hududga, taʼlim muassasalariga kirib boradi. Oʻquvchi-yoshlar nafaqat, kino koʻradi, balki, “Film qahramonlaridan oʻrnak olamiz” mavzusida insholar ham yozadi.
Xalqimiz suygan aktyorlar, rejissyor va ssenaristlar, maʼnaviyat targʻibotchilari, yozuvchi va shoirlardan iborat ijodiy guruhlar ishtirokida uchrashuvlar, davra suhbatlari, film namoyishlari boʻlib oʻtadi.
Zero, ezgulikni shior, maʼrifatni eng qudratli qurolga aylantirgan jamiyat ertaning haqiqiy egalarini tarbiyalaydi.
Bekzod ABDURAIMOV,
Maʼnaviyat va maʼrifat markazi Xorazm viloyati boʻlimi boshligʻi