Ezgulikka esh Eshonobod

    Uch avlod uchrashuvi ham katta shodiyonaga aylanib ketdi.

    Toshkent viloyatining Chinoz tumanidagi Eshonobod qishlogʻida “Yangi Oʻzbekistonda erkin va farovon yashaylik!” shiori ostida oʻtkazilgan uch avlod uchrashuvi, koʻngillarga yorugʻlik, dillarga quvonch ulashib, ezgulikka yoʻgʻrilgan holda katta shodiyonaga aylanib ketdi.

    Davlat va jamoat tashkilotlari, milliy-madaniy markazlar vakillari, mahalla faollari hamda tumanga koʻp yillar mehnati singgan nuroniylar, kelajagi porloq yoshlar jam boʻlgan bayram tadbirida Qozogʻiston, Qirgʻiziston, ­Tojikiston, Turkmaniston va Rossiyaning Oʻzbekistondagi elchilari ham qatnashdi. Eshonobod qishlogʻining qoq markazida qozoq, qirgʻiz, turk­man, tojik, rus millatlarining milliy hunarmandlik buyumlari, qadimiy tarixini aks ettiruvchi koʻrgazmalar namoyishi tashrif buyurganlarga birday manzur boʻldi.

    — Yangi Oʻzbekistonning kelajagi, birinchi nav­batda, shu zaminni vatan deb bilgan millat va elatlarning doʻstona munosabati hamda ahilligiga bogʻliq. Mamnuniyat bilan aytishim joizki, istiqlolimizning 30 yilligi mamlakatimiz uchun nihoyatda qutlugʻ va barakali keldi, — dedi tadbirni ochgan Toshkent viloyati hokimi Davron Hidoyatov. — Biz Prezidentimiz rahbarligida har jabhada asrlarga tatigulik yutuqlarni qoʻlga kiritdik va dunyoga yuz tutdik. Jahon jamoatchiligining yuqori minbarlarda turib bildirayotgan fikrlari buning yaqqol eʼtirofidir. Yurtimizdagi oʻzgarishlarni Toshkent viloyati misolida ham koʻrib turibmiz. Xususan, hududimizning eng koʻhna qishlogʻi boʻlmish Eshonobodda nishonlanayotgan bayram shodiyonalari millatlar­aro doʻstlik aloqalarining yanada mustahkamlanishiga xizmat qiladi.

    Tarix, bugun va kelajakni oʻzida mujassam etgan bunday maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar mamlakatimiz hayotining goʻzal qadriyatlariga aylanib ulgurgan.

    Tadbirda Respublika milliy madaniyat markazlari rahbarlarining Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga murojaati oʻqib eshittirildi.

    Oʻzaro qizgʻin suhbat va jonli muloqotlarda mamlakatimizda inson omiliga yuksak eʼtibor berilayotgani, yurtimizda yashayotgan barcha din vakillariga koʻrsatilayotgan gʻamxoʻrlik, mehr-oqibat, inson qadr-qimmatining nechogʻli ardoqda ekani va ularning orzu-niyatlarini roʻyobga chiqarishga shart-sharoitlar yaratib berish bugungi kunning eng ustuvor vazifasiga aylangani taʼkidlandi.

    — Biz Oʻzbekistonda turli millat vakillarining ahil, inoq yashayotganidan xursandmiz. Eshonobodliklar yaratilgan infratuzilmadan minnatdor ekani ularning quvonchdan porlab turgan va minnatdorlik aks etgan nigohlarida ham ayon boʻlmoqda. Qishloq aholisi uchun zamonaviy talablarga javob beradigan va hech qanday shaharnikidan kam boʻlmagan sharoitlar yaratilganini oʻz koʻzimiz bilan koʻrib, birgalikda quvondik, — dey­di Tojikistonning Oʻzbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Abdujabbor Aziz Rahmonzoda.

    — Kundan-kun chiroy ochib, oʻzgarib, yanada koʻrkam va obod boʻlib borayotgan goʻzal Eshonobod qishlogʻining jamolini koʻrganda bularning bari xalq uchun, inson manfaati uchun ekanini chin dildan his etaman. Tinch-osoyishta, xotirjam va mus­taqil yurtda yashayotganligimdan baxtiyorman, — ­deydi chinozlik 72 yoshli otaxon Usmonali Umarov.

    — Toshkent viloyatida tugʻilib oʻsganman, — deydi Oʻzbekistondagi Qirgʻiz madaniy markazi raisi oʻrinbosari Abiba Yunusaliyeva.
    —­ Prezidentimiz tashabbusi bilan tashkil etilgan bunday uchrashuvlar gʻoyat ahamiyatli. Yoshi ulugʻ faxriylarimizning nasihatlari, tajribalari yosh avlod uchun oʻziga xos dasturulamal boʻladi, deb oʻylayman. Eng aziz, eng ulugʻ bayramimiz — mustaqillikning 30 yilligi bilan Qirgʻiz milliy madaniy markazi nomidan barchani tabriklayman. Xalqlarimizning totuvligi, inoqligi abadiy boʻlsin.

    Bayram chogʻida yangragan qoʻshiqlar, folklor ohanglari va raqslar guldastasi yaqin qoʻshnichilik, qon-qardoshlik, urf-odat va qadriyatlarimizdagi mushtaraklik rishtalarining nechogʻli mustahkam ekanini yana bir bor namoyon etdi.

    Eshonobod qishlogʻida uch avlod uchrashuvi ­doirasida noz-neʼmatlarga toʻla dasturxon atrofida boʻlib oʻtgan dilkash suhbatlar, samimiy muloqotlar nafaqat martabali mehmonlarga, balki kechada ishtirok etgan keksayu yoshning qalbiga olam-olam quvonch baxsh etdi.

    Gulichehra DURDIYEVA,

    “Yangi Oʻzbekiston” muxbiri