- Urushning nomi oʻchsin. Koʻzimni yumsam, jang manzaralari xayolimga kelaveradi. E, u qirgʻinbarotni dushmanimga ham ravo koʻrmayman. Yoshim 96 da, 1942-yilda 18 yoshga toʻlib-toʻlmay, qurol koʻtarib, Vatan himoyasiga otlanganman. Voroshilovgradda, Sevastopolda urush dahshatiga guvoh boʻlganman va oʻqchi-minomyotchi sifatida kurashda qatnashganman. “Begunoh odamlarda nima ayb?” deya koʻp oʻylardim. Oʻzimizga qarashli allaqancha odamlarni qutqarganman. 1943-yili dushman minasi portlashi oqibatida oyogʻim jarohatlandi, sakkiz joyimga oʻq tegib, jiddiy yaralandim. Tuproq ostidan chiqib, ogʻir ahvolda bazoʻr yurib borayotganimda begona diyordagi bir kampir meni uyiga olib ketib ancha parvarishladi, uzoq vaqt gospitalda ham davolanganman.
Oyoqqa turganimdan soʻng Namangan shahriga qaytdim. Hozirgi shu uylar yonida katta bogʻ yaratdim, ustachilik qildim. Qurilish va qishloq xoʻjaligi tarmoqlarida koʻp yillar tinmay ishladim. Urushdan keyingi davrlar ham mashaqqatli kechdi. Tirikchilik uchun qoʻlimdan nima kelsa bajaraverdim. Yaxshiga ham, yomonga ham ezgulik ulashaverdim, koʻmak qoʻlini choʻzaverdim... Oʻsha mashʼum kunlarni eslasam, bugungi tinch, dorilomon kunlarning qadriga yetish zarurligini atrofdagilarga aytishdan charchamayman. Urushni biz koʻrdik, sizlar koʻrmanglar, bolalarim.
Allohga shukurki, matonatu qahramonliklarimizni, mehnatlarimizni yurtimiz, xalqimiz munosib qadrlayapti. Ochigʻi, men yorugʻ hayotni mustaqillik yillarida koʻrdim. Hurmatimizni joyiga qoʻyishyapti. Urush faxriysi sifatida doimo yoʻqlashadi, salomatligimdan xabar olishadi, yordamlashishadi. Yaqinda uyimizni ham taʼmirlab berishdi.
2017-yilda muhtaram Yurtboshimiz sharofati bilan imtiyoz asosida muborak Haj amallarini bajarish nasib etdi. Davlatimiz rahbarining Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarini ragʻbatlantirish toʻgʻrisidagi farmoniga koʻra, har yili bizga yuksak ehtirom koʻrsatib kelinmoqda. 9-may - Xotira va qadrlash kuni arafasida viloyatimiz hokimi Shavkatjon Abdurazzoqov xonadonimizga tashrif buyurib,12 million soʻm miqdorida pul mukofoti va oziq-ovqat mahsulotlari va qimmatbaho esdalik sovgʻalarini bayramona topshirdi. Ayniqsa, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning samimiy va qizgʻin tabrigini oʻqib eshittirganida koʻnlim togʻdek oʻsdi. Shunday kunlarga yetkazganiga shukurlar boʻlsin. Mana, yuz yoshga yaqinlashyapman, toʻqqiz nafar farzandim, 20 nafardan ortiq nabira, 50 dan ziyod evara va chevara davrasida davru davron surmoqdaman. Alohida eʼzoz va mehr-eʼtibor esa umrimga umr qoʻshmoqda. Respublika va viloyatimiz rahbariyatidan behad minnatdorman. Tilimda doimo shu duo aylanadi: “Xotirjamligimizga, musaffo osmonimizga koʻz tegmasin, Prezidentimiz omon boʻlsin!”
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri Orifjon JOʻRAYEV yozib oldi.