E’zozxon Turg‘unova Adliya vazirligi grantini qo‘lga kiritdi

    Keyingi avlod 13 Oktabr 2025 282

    So‘nggi yillarda mamlakatimizda yosh avlodni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi, “Yoshlar — kelajagimiz” tamoyili asosida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirildi.

    Bugungi kunda yurtimizda ta’lim, bandlik, startaplar, ilmiy tadqiqotlar va huquqiy savodxonlik sohalarida yoshlarning salohiyatini ro‘yobga chiqarish uchun yangi imkoniyatlar, grant va dasturlar yo‘lga qo‘yilgan. Ayniqsa, adolat, qonun ustuvorligi va inson huquqlarini ta’minlash sohasida malakali yosh kadrlarni tayyorlash davlat siyosatining muhim tarkibiy qismiga aylangan.

    Mazkur islohotlarning amaliy ifodasi sifatida O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan Toshkent davlat yuridik universiteti bakalavriatiga kirish test sinovlarisiz, yakka tartibdagi suhbat natijalariga ko‘ra o‘qishga tavsiya etilgan, reyting tizimi bo‘yicha eng yuqori ball to‘plagan TDYU huzuridagi akademik litsey bitiruvchilariga butun o‘qish davri uchun stipendiyasiz to‘lov-kontrakt xarajatlarini qoplab berish imkoniyati yaratildi. Grant dasturi yoshlarni mehnatsevarlik, halollik va bilim orqali yutuqqa erishishga undamoqda.

    Joriy o‘quv yilida Toshkent davlat yuridik universiteti Jinoiy odil sudlov fakulteti 1-bosqich talabasi E’zozxon Turg‘unova Adliya vazirligi granti sohibasiga aylandi. E’zozxon TDYU huzuridagi akademik litseyni a’lo natijalar bilan tamomlab, o‘zining yuqori reytingi va huquqiy sohadagi bilimga chanqoqligi bilan ajralib turgan yoshlar orasida yetakchi o‘rin egalladi. Uning mazkur yutug‘i nafaqat shaxsiy mehnat va izlanish natijasi, balki ta’lim tizimidagi adolatli tanlov, imkoniyat va ishonch siyosatining samarasidir.

    — Men uchun bu grant nafaqat moddiy yordam, balki ishonch va mas’uliyatdir, — deydi E’zozxon Turg‘unova. — Endi bu ishonchni o‘z bilimim va faoliyatim bilan oqlashga harakat qilaman.

    Bugun O‘zbekiston yoshlari davlat siyosatining markazida turibdi. Ularning har bir muvaffaqiyati — jamiyat ishonchi va islohotlar natijasining yaqqol ifodasidir. E’zozxon Turg‘unovaning yutug‘i esa yoshlar uchun mehnat, bilim va vatanparvarlik orqali yuksak marralarga erishish mumkinligini ko‘rsatuvchi yorqin namunadir. Bu kabi e’tiroflar mamlakatimizda malakali, ijtimoiy faol va zamonaviy fikrlaydigan huquqshunoslar avlodini shakllantirishga xizmat qilmoqda.

    Javlon VAFOYEV,

    TDYU Jamoatchilik va OAV bilan aloqalar bo‘limi

    bosh mutaxassisi