Sudning kursisida mulzam holda oʻtirgan Sardorning vijdoni oldida bir qator nadomatlar saf tortgan. Balki.... avtomashina boshqarayotganimda yoʻl harakati qoidalariga toʻla rioya etganimda, harakatlanayotganimda hayolim jamlangan boʻlganida, tezlikni emas, xushyorligimni oshirib yurganimda edi balki...

“Soʻngi pushaymon oʻzinga dushman” deganlaridek, pushaymonlardan aslo foyda yoʻq.

Transport vositalarining koʻpayib borishi bu, haydovchilar uchun yanada koʻproq masʼuliyat deganidir. Yoʻl harakati qoidaliriga qatʼiy amal qilish, yoʻllarda yurganda oʻta hushyorlik bilan harakatlanish musibat va hodisalardan asraydi.

Oʻzining yumushlari bilan ishga shoshayotgan Sardor Jamolov (ism shariflar shartli) ham ana shu tartib-tamoyillarni bir damga boʻlsin cheklamaganda edi, balki bir insonning oʻlimigia sababchi boʻlmagan, bir umrlik vijdon azobiga qolmagan boʻlardi. U oʻsha mashʼum kuni yoʻldan oʻtib borayotgan piyoda, 2 nafar farzandlarning onasi, Ziyoda Rajabovani urib yuborib ogʻir tan jarohati yetkazadi.

Tabiiyki savol tugʻiladi xoʻsh, haydovchi S.Jamolov amaldagi “Yoʻl harakati qoidalari”ning qaysi talablarini buzgan?

Albatta, Sardor jabrlanuvchi ayolni shifoxonaga yetkazib, zudlik bilan tibbiy yordam koʻrsatilishiga erishadi, ammo... Yigirma kun ikki olam oraligʻida jon talashib yotgan ayolni saqlab qolish imkoni boʻlmaydi.

Oilaga keltirgan musibat uchun tibbiy (moddiy), ruhiy, maʼnaviy zararlarini qoplab, aybdor sifatida ularning yonida boʻlishga uringan Sardor afsuski ming uringanda ham bir inson hayotini qaytarib berishga qodir emas!

Sud, Sardor Jamolovga oid jinoyat ishini oʻrganar ekan, jabrlanuvchi hamda uning oilasiga koʻrsatgan yordami, qilmishidan chin dildan pushaymonligi, keyingi davrda ham musibat koʻrgan oilaga moddiy-maʼnaviy yordam berib borishi, unga nisbatan jarlanuvchi vakilining hech qanday daʼvosi yoʻqligi va boshqa omillarni eʼtiborga olgan holda hukm chiqardi.

Hech bir inson bu kabi “qarzdorlik”ning boshiga tushishini istamagani holda, aytish joizki, harakatlanish paytidagi yagona talab – yoʻl harakati qoidalariga qatʼiy rioya qilish barcha haydovchilar va albatta piyodalarning ham burchidir!

Dilmurod Madaminov,

Jinoyat ishlari boʻyicha Pop tuman sudi raisi