Yigʻilishda senatorlar, Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakili oʻrinbosari – bola huquqlari boʻyicha vakil, Senat Kengashi qarori bilan tasdiqlangan Ishchi guruhi aʼzolari va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdilar.
Ishchi guruh rahbari senator O.Iminov tomonidan qaror loyihasida ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan va yetim bolalarning huquq hamda qonuniy manfaatlarini himoya qilishning institutsional va huquqiy asoslarini tubdan takomillashtirishga alohida eʼtibor qaratilishi lozimligi taʼkidlandi.
Ishchi guruh aʼzolari qaror loyihasiga:
- ota-ona qaramogʻisiz qolgan bolalarni ijtimoiy-huquqiy qoʻllab-quvvatlash boʻyicha amaldagi qonun hujjatlarini yagona qonunga mujassamlashtirish;
- voyaga yetmaganlar ishlari boʻyicha respublika idoralararo komissiyasi va uning hududiy boʻlinmalari, Xalq taʼlimi vazirligining hududiy boʻlinmalaridagi vasiylik va homiylik masalalari bilan shugʻullanuvchi tuzilma, mahalliy davlat hokimiyati organlari boʻlinmalaridagi voyaga yetmaganlar ishlari boʻyicha kotibiyat negizida Vazirlar Mahkamasi tarkibida vasiylik va homiylik ishlari bilan shugʻullanuvchi alohida tuzilma tashkil etish;
- bolalarni farzandlikka olgan oilalarni ragʻbatlantirishning differensiyalashtirilgan tizimini yaratish;
- shaxsga doir maʼlumotlarni sir saqlagan holda talabgorlar uchun vasiylik va homiylikka beriladigan bolalar haqidagi maʼlumotlarni onlayn olish imkoniyatini yaratish;
- farzandlikka olishni istovchi nomzodlarning elektron navbatini ishga tushirish;
- nogiron bolalar oila tarbiyasiga olinganda ularni patronaj bilan qamrab olish va zarur tibbiy-ijtimoiy xizmatlar koʻrsatish mexanizmini yaratish kabi masalalarni kiritish zarurligini qayd etishdi.
Ishchi guruhi tomonidan qisqa muddatda Qaror loyihasiga takliflar ishlab chiqilishi kelishib olindi, deb xabar beradi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.