Fan va taʼlim zamonaviy bosqichda

    Jahonning yetakchi davlatlari singari mamlakatimizda ham taʼlim tizimini isloh etishga birinchi galdagi vazifa sifatida qaralmoqda. Buning boisi, hozirgi globallashuv sharoitida taʼlim har qanday sohaning strategik istiqbolini belgilaydigan, islohotlarni harakatga keltiradigan tayanch omilga aylandi.

    Ichki ishlar vazirligi akademiyasida boʻlib oʻtgan xalqaro ilmiy-amaliy anjuman ilm-fanni rivojlantirishning ustuvor yoʻnalishlariga bagʻishlandi. Unda davlat va jamoat tashkilotlari mutasaddilari, parlament aʼzolari, yurtimizning yetakchi oliy taʼlim muassasalari va ilmiy-tadqiqot institutlaridan vakillar, shuningdek xalqaro ekspert va mutaxassislar ishtirok etishdi.

    Soʻnggi yillarda mamlakatimiz taʼlim tizimini isloh qilishga qaratilgan oʻnlab qaror va farmonlar, istiqbolli dasturlar hayotga tatbiq etildi. Xususan, Oʻzbekiston Respublikasi oliy taʼlim tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish Konsepsiyasi qabul qilinib, oliy maʼlumotli mutaxassislar tayyorlash sifatini oshirish, taʼlim jarayoniga raqamli texnologiyalar va zamonaviy usullarni joriy etish, oliy taʼlim muassasalarida ilmiy-tadqiqot ishlari natijadorligini oshirish, ilm-fanning innovatsion infratuzilmasini shakllantirish, taʼlim muassasalarining moliyaviy mustaqilligi va barqarorligini taʼminlash, korrupsiyaga qarshi kurashish va shaffoflikni taʼminlashning taʼsirchan mexanizmlarini joriy etish kabi yoʻnalishlar boʻyicha aniq vazifalar belgilandi.

    — Innovatsion oʻzgarishlar yuz berayotgan, intellektual va maʼnaviy rivojlangan yoshlar taraqqiyotning qudratli kuchiga aylanayotgan bir davrda yashayapmiz, — dedi IIV akademiyasi boshligʻi Rustam Hotamov. — Bugungi globallashuv davrida davlatlarning rivojlanganlik darajasi nafaqat ijtimoiy-iqtisodiy koʻrsatkichlar, balki ilm-fan salohiyati bilan oʻlchanmoqda. Shu bois, yurtimizda taʼlim sohasining barcha boʻgʻinlarini rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

    Mamlakatimizda innovatsion fikr va gʻoyalarni ilgari suruvchi yangi avlod kadrlariga ehtiyoj ortib bormoqda. Taʼlim sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarning asosiy maqsadi taʼlim va ilmiy faoliyatni rivojlantirish, zamonaviy bilim va yuksak maʼnaviy-axloqiy fazilatlarga ega, mustaqil fikrlaydigan yuqori malakali raqobatbardosh kadrlar tayyorlashni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish, sohaga zamonaviy innovatsion texnologiyalarni jadal tatbiq etishga xizmat qiladi.

    Ilmiy-amaliy anjumanda fan va taʼlim sohasidagi zamonaviy yondashavlar yuzasidan “Research Support Center” ilmiy tadqiqotlarni qoʻllab-quvvatlash markazi asoschisi Aliya Ospanova, Janubiy Koreyaning ADJU universitetining Toshkent filiali professori Pak Vu, Rossiya Federatsiyasining Ilmiy-tadqiqot moliya instituti professori Kristina Shvandar va boshqa ekspertlarning maʼruzalari tinglandi.

    Konferensiyada Qirgʻiziston Respublikasi IIV Akademiyasi boshligʻining oʻrinbosari, yuridik fanlar doktori, professor Arzыgul Djorobekova, Rossiya Federatsiyasi Moliya vazirligi moliyaviy tadqiqotlar ilmiy-tekshirish instituti Tahliliy markazi rahbari, iqtisodiyot fanlari doktori Igor Varyash, Al-Forobiy nomidagi Qozogʻiston milliy universiteti strategik rivojlanish markazi sektor rahbari Malika Gapparova, Turkiya Respublikasi Jandarmeriya va sohil xavfsizligi akademiyasi doktori Adnan Abdulvohid va boshqa ekspertlar oʻz chiqishlari bilan ishtirok etdi.

    Soʻzga chiqqanlar oliy taʼlim sifati va samaradorligini oshirishda xalqaro hamkorlikning oʻrni, taʼlim jarayonida nazariya va amaliyot integratsiyasini kuchaytirish, shaxsga yoʻnaltirilgan taʼlimning mohiyati, amaliyotdagi muammolar va ilmiy-tadqiqot natijalari asosida qonunchilik hujjatlarini takomillashtirish, yosh pedagog kadrlarni tayyorlashning dolzarb muammolari, huquqni muhofaza qiluvchi organlar uchun professional kadrlar tayyorlashning muhim jihatlari, yuridik fanlar boʻyicha ilmiy tadqiqotlarning bugungi holati va zamonaviy talablari, yoshlarni ilmiy-tadqiqot ishlariga jalb etish kabi mavzularda oʻzaro fikr almashdilar. Konferensiya davomida sohani rivojlantirishga qaratilgan taklif hamda tavsiyalar ishlab chiqildi.

    Ishchan ruhda oʻtgan anjuman taʼlim infratuzilmasini milliy va xalqaro tajriba asosida takomillashtirishni nazarda tutuvchi taklif hamda tavsiyalarga boyligi bilan muhim ahamiyat kasb etdi, deyiladi IIV akademiyasining axborot xizmati xabarida.