Maʼruzani OʻzR FA Sharqshunoslik instituti direktori tarix fanlari doktori professor Bahrom Abduhalimov oʻqidi. Maʼruza arab tilida boʻldi. Olim maʼruzasida Oʻzbekiston tarixining mintaqadagi oʻrni haqida qimmatli maʼlumotlar berdi. Jumladan, arablar orqali kirib kelgan Islom dinining mamlakat va mintaqa tarixidagi oʻrni haqida ham gapirib, Oʻrta Osiyo yetishtirib bergan qomusiy olimlar, din ulamolarining dunyo sivilizatsiyasiga qoʻshgan hissasini taʼkidladi. Shuningdek, Oʻzbekiston tarixining xronologik rivojlanish bosqichlari, unda hukm surgan davlatlarning rivojlanish va taraqqiyot bosqichlari haqida xorijlik mehmonlarga qimmatli maʼlumotlarni ulashdi.

Shuningdek, Sharqshunoslik institutida saqlanayotgan qoʻlyozmalar fondi hamda Institutning Oʻmon davlati bilan olib borayotgan faol hamkorligi haqida ham toʻxtalib oʻtildi.

Maʼruza soʻnggida mehmonlar oʻzlarining qiziqtirgan savollariga javob oldi.

Maʼlumot oʻrnida, Sharqshunoslik institutining qoʻlyozmalar fondi 1943-yilda, oʻsha paytdagi xalq kutubxonasi (hozirgi Milliy kutubxona)ning Sharq boʻlimi asosida tashkil etilgan. Shundan boshlab bu fondda qoʻlyozma manbalarni oʻrganish ishlari boshlangan.

Fond tarkibida 26 ming jild qoʻlyozma, 40 ming jildga yaqin qadimgi toshbosma uslubidagi kitoblar saqlanadi. Bundan tashqari, 5 mingdan ziyod asl nusxadagi tarixiy hujjatlar bor. Shuningdek, xorijdagi fondlarda saqlanayotgan kitoblardan olingan mikrofilm va fotokopiyalar fondlarimiz ham bor.

Bu ulkan meros fanning turli sohalariga oid. Xususan, tabobat, kimyo, matematika, tarix, islom ilmlari — ajdodlarimiz shugʻullangan barcha fan sohalariga doir manbalar oʻrin olgan. Qoʻlyozma manbalar IX asrdan boshlab XX asrgacha boʻlgan davrga oid boʻlib, arab, fors, qadimgi turkiy va boshqa sharq tillarida yozilgan, deb xabar beradi Oʻzbekiston fanlar akademiyasi matbuot xizmati.