“Fantastik oʻyin boʻldi, bu jasorat, matonat namunasi“ — Islombek Ismoilov Oʻzbekiston U-17 terma jamoasi gʻalabasi haqida fikr bildirdi

    Oʻzbekiston U-17 terma jamoasi Saudiya Arabistonida oʻtgan oʻsmirlar oʻrtasidagi Osiyo kubogida tarixiy natija qayd etib, Osiyo chempioniga aylandi.

    Oʻyindan keyin oʻtkazilgan matbuot anjumanida bosh murabbiy Islombek Ismoilov jamoasining chempionlikni qoʻlga kiritgani xususida fikr bildirdi.

    Avvalo, Oʻzbekiston xalqiga gʻalaba muborak boʻlsin. Bu gʻalaba zamirida juda koʻpchilikning mehnati yotibdi. Soʻnggi yillarda yurtboshimiz sportga, ayniqsa futbolga alohida eʼtibor qaratmoqda. Buning uchun tashakkur aytamiz. Shuningdek, OʻFA rahbariyati, Xalqaro aloqalar va Terma jamoalar boʻlimi hamda bizning jamoamiz uchun mehnati singgan har bir insonga minnatdorlik bildiramiz. Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasi tomonidan shu kunga qadar biz uchun juda koʻplab yigʻinlar tashkil etildi, xalqaro turnirlarda ishtirok etishimiz uchun sharoit yaratib berildi.
    Vatanimiz doimo qahramonlar, mard insonlar yurti boʻlgan. Buni futbolchilarimiz yana bir bor maydonda koʻrsatib berishdi. Fantastik oʻyin boʻldi, bu jasorat, matonat namunasi. Yigitlarga rahmat aytaman, ular imkonsiz vazifani bajarishdi. Hissiyotlarimizni soʻz bilan taʼriflab boʻlmaydi. Oldimizda yanada muhim turnir bizni kutmoqda. Jahon chempionatida ham yurtimiz sharafini munosib himoya qilamiz, — deydi Islombek Ismoilov.

    Maʼlumot uchun, Oʻzbekiston U-17 terma jamoasi chempionlik bilan birga oʻsmirlar oʻrtasidagi Jahon chempionatiga yoʻllanmani ham qoʻlga kiritdi. Ushbu turnir 2025-yilning 3-noyabridan 27-noyabriga qadar Qatar maydonlarida oʻtkaziladi.