Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oziq-ovqat va qishloq xo'jaligi tashkiloti (FAO)ning sabzavotchilik bo'yicha xalqaro eksperti Leone Mal`oketti Lombi O'zbekistonga tashrifi chog'ida Namangan shahridagi Prezident maktabi o'quvchilari uchun o'quv seminar o'tkazdi.
Seminar "Qishloq xo'jaligini barqaror rivojlantirish uchun sohada innovatsiyalar va yangi raqamli texnologiyalardan foydalanish" mavzusida o'tkazildi. Tadbirda 40 ga yaqin 9—11-sinf o'quvchilari ishtirok etishdi. O'quvchilar xorijiy mutaxassisning bugungi kunda dunyoning 1 milliard iqtisodiy faol aholisi band bo'lgan muhim soha — qishloq xo'jaligidagi yangiliklar to'g'risidagi taqdimotiga katta qiziqish bildirishdi.
Xususan, mutaxassis bolalarni gidroponika va aeroponika kabi o'simliklarni etishtirish usullari bilan batafsil tanishtirdi, shuningdek, “vertikal dehqonchilik” deb nomlangan dunyoda faol ravishda joriy etilayotgan va an'anaviy fermer xo'jaligiga qaraganda 95 foiz kam suv ishlatishga imkon beradigan texnologiyaning xususiyatlari haqida gapirib berdi. Bundan tashqari, quyosh energiyasi bilan ishlaydigan suv nasoslarining yangi avlodining afzalliklari, issiqxonalarda IT texnologiyalaridan foydalanish va boshqa ko'p masalalar muhokama qilindi.
— FAO qishloq jamoalarida ekinlar va chorvachilikni barqaror intensivlashtirishni qo'llab-quvvatlaydi, — deya ta'kidladi Leone Maloketti Lombi. — Ilg'or texnologiyalarni joriy etish bilim va ko'nikmalarni oshirish bilan birgalikda fermerlarning daromadlarini oshirish va, umuman, oziq-ovqat xavfsizligini ta'minlashga yordam beradi.
Ma'lumki, qat'iy tanlovdan o'tish zarur bo'lgan Prezident maktablarida yosh avlodning intellektual qobiliyatlarini ochib berishga yordam beradigan ko'p tarmoqli ta'lim muhiti shakllantiriladi. Shu munosabat bilan qishloq xo'jaligidagi darslar talabalarning dunyoqarashlarini kengaytirish uchun foydali bo'ldi.
— Maktabimizda tabiiy va aniq fanlar, xorijiy tillarni o'zlashtirish, muhandislik va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini chuqur o'rganish yo'lga qo'yilgan, — dedi Namangan shahar Prezident maktabi direktori Shuhrat Azizboyev. — FAO bilan hamkorlikda olib borilgan mashg'ulotlar tufayli ba'zi o'quvchilar qishloq xo'jaligida kasbiy o'sish haqida o'ylashni boshladilar. Ular qishloq xo'jaligida IT-texnologiyalarni qanday joriy qilishga qiziqishmoqda. Bunday o'quv mashg'ulotlari o'quvchilarni kasbga yo'naltirishda, ilg'or xorijiy tajribani o'zlashtirishda, so'ngi jarayonlardan xabardor bo'lishida muhim ahamiyat kasb etadi.
Issiqxonalarni boshqarish bo'yicha mashg'ulotlar davomida olingan bilimlarni darhol amalda qo'llash mumkin. Issiqxona “Zamin” Xalqaro jamoat fondining “Zamin Eco-Education” dasturini amalga oshirish doirasida FAO tomonidan grant asosida qurilib, maktabga topshirilgan. Bugungi kunda qadar unda maktab o'quvchilarining faol ishtirokida ko'katlar va ayrim qishloq xo'jaligi ekinlari yetishtirilmoqda. Mazkur dastur ijrosi doirasidagi ekologik ta'lim va tarbiya navqiron avlodning tabiiy resurslardan oqilona foydalanish mas'uliyatini oshirishning muhim omili bo'lib, pirovardida, jamiyatning ekologik madaniyatini shakllantiradi.