Tuproqshunoslik va agrokimyo ilmiy tadqiqot institutida tuproq geografik axborot tizimlari (GAT) laboratoriyasi ishga tushdi. U “Markaziy Osiyo va Turkiyaning qurg'oqchil va sho'rlangan qishloq xo'jaligi ishlab chiqarish landshaftlarida tabiiy resurslarni kompleks boshqarish” (CACILM-2) mintaqaviy loyihasi doirasida BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo'jaligi tashkiloti (FAO) ko'magida tashkil etildi.
Lvboratoriya ochilish marosimida FAOning O'zbekistondagi vakolatxonasi vakillari, institut direktori Sh.Bobomurodov, professor-o'qituvchilar, ilmiy xodim va doktorantlar ishtirok etdi.
Taqdimot tashkilotchilari va mutaxassislar yig'ilish ishtirokchilariga yangi laboratoriyaning maqsad va vazifalari, shu jumladan, uning ishlash printsiplari va afzalliklari haqida o'z fikr-mulohazalarini bayon etdilar.
Yig'ilishdan so'ng barcha ishtirokchilar eng oxirgi zamonaviy texnologiyalar asosida jihozlangan yangi laboratoriya imkoniyatlari bilan tanishdi.
Institut direktori yangi GAT laboratoriyasi tuproqshunoslik yo'nalishidagi ishlarni yanada takomillashtirib, yerlarning degradatsiya jarayonlarini baholash va xaritalash, tuproqlar holatini tahlil qilishning samarador va tezkor axborot tizimlarini yaratish, tadqiq etiladigan hudud to'g'risida tez va sifatli ma'lumot olish, masofadan zondlash ma'lumotlariga ishlov berish orqali ko'p yillik monitoring ishlarini olib borishga doir ilmiy-tadqiqotlarni amalga oshirishda yangi imkoniyatlar yaratishini ta'kidlab o'tdi.
Taqdimot yakunida Tuproqshunoslik va agrokimyo ilmiy-tadqiqot instituti vakillari FAOga institut faoliyati uchun juda katta imkoniyatlar eshigini ochayotgan yangi tuproq geografik axborot tizimlari (GAT) laboratoriyasi uchun samimiy minnatdorlik bildirib, kelgusida ushbu taqdim etilgan imkoniyatlardan samarali foydalanish bo'yicha o'z fikrlari bilan o'rtoqlashdilar.