Toshkentda Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oziq-ovqat va qishloq xo'jaligi tashkiloti (FAO) tomonidan O'zbekiston Respublikasi O'rmon xo'jaligi davlat qo'mitasi, Qishloq xo'jaligi vazirligi hamda Agrar sohada bilimlar va innovatsiyalar (AKIS) milliy markazi ko'magida tashkil etilgan “O'zbekiston o'rmon xo'jaligi tizimida Gender tengligi strategiyasini amalga oshirish” mavzusida xalqaro konferentsiya bo'lib o'tdi. Tadbirda milliy va xalqaro ekspertlar ishtirok etdilar.

FAO bilan yaqin hamkorlikda o'rmonlarni boshqarish siyosati va amaliyotlarida gender tengligi tamoyillari joriy etilmoqda. O'rmon xo'jaligi davlat qo'mitasining ilk bor 2021—2025-yillarga mo'ljallangan uzoq muddatli Gender strategiyasi ishlab chiqilgani bu boradagi katta yutuq bo'ldi. Ushbu strategiyaning amalga oshirilishi O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 23-avgustdagi “O'zbekiston Respublikasida o'rmonlarni boshqarish samaradorligi takomillashtirishga doir qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida”gi hamda 2020-yil 6-oktabrdagi “2030-yilgacha O'zbekiston Respublikasi o'rmon xo'jaligi tizimini rivojlantirish Konseptsiyasini tasdiqlash to'g'risida”gi qarorlarning bajarilishiga yordam beradi.

Gender tengligi strategiyasi ilg'or xorijiy tajriba asosida, vazirlik va idoralar, jamoat tashkilotlari vakillari va manfaatdor shaxslarning fikr-mulohazalari inobatga olingan holda ishlab chiqildi. O'zbekiston Respublikasining “Ayollar va erkaklar uchun teng huquq va imkoniyatlar kafolatlari to'g'risida”gi va “Ayollarni ta'qiq va zo'ravonlikdan himoya qilish to'g'risida”gi qonunlari, shuningdek, Milliy barqaror rivojlanish maqsadlari mazkur Strategiyani ishlab chiqish uchun huquqiy asosi bo'ldi.   

— 2019-2021-yillarda O'zbekiston o'rmon xo'jaligida gender masalalari tahlili o'tkazildi, o'rmonzorlar va ularga tutash aholi punktlarida yashovchi mahalliy aholining fikri o'rganildi, — deydi FAOning “O'zbekiston tog' va vodiy o'rmonlarini barqaror boshqarish” loyihasi texnik koordinatori Olimjon Qahhorov. — Me'yoriy-huquqiy bazaning kamchiliklari aniqlandi. Olingan ma'lumotlar asosida O'rmon xo'jaligi davlat qo'mitasining Gender tengligi strategiyasi va 2021-2022-yillarga mo'ljallangan Gender harakatlar rejasi ishlab chiqilib, unda o'rmon bilan bog'liq jamoalarning asosiy ustuvor yo'nalishlari va ehtiyojlari aks ettirilgan.

Hujjat FAOning “O'zbekiston tog' va vodiy o'rmonlarini barqaror boshqarish” loyihasi doirasida ishlab chiqilgan. Ushbu loyiha Dehqonobod, Kitob va Pop davlat o'rmon xo'jaliklarida amalga oshirilmoqda. Ushbu hududlarda o'rmonlarni barqaror boshqarish, o'rmon hududlarining axborot tizimlari va elektron xaritalarini yaratish, gender tengligini ta'minlashga alohida e'tibor qaratgan holda mahalliy aholini o'rmon xo'jaligini boshqarish jarayonlariga keng jalb qilish ishlari olib borilmoqda.

O'tkazilgan konferensiya O'zbekiston Respublikasi O'rmon xo'jaligi davlat qo'mitasi, Qoraqalpog'iston Respublikasi O'rmon xo'jaligi qo'mitasi hamda viloyatlar o'rmon xo'jaliklari boshqarmalari huzuridagi Gender kengashlari faoliyati uchun platforma tayyorlash imkonini berdi.