Poytaxtimizda Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo'mitasi bilan hamkorlikda brutsellyozga qarshi kurash bo'yicha trening tashkil etildi. Unda BMT Oziq-ovqat va qishloq xo'jaligi tashkilotining (FAO) brutsellyoz bo'yicha xalqaro eksperti, doktor Xose Blasko nutq so'zladi.
Treningda 50 nafarga yaqin qatnashchi, shu jumladan, epidemiologlar, laboratoriya xodimlari va Veterinariya ilmiy-tadqiqot institutining ilmiy xodimlari hamda Samarqand veterinariya medetsinasi institutining professor-o'qituvchilari ishtirok etishdi.
Tadbir FAOning “Markaziy Osiyoda hayvonlarning dolzarb kasalliklari bo'yicha tarmoq yaratish” texnik hamkorlik dasturi doirasida tashkil etilgan bo'lib, unda beshta qabul qiluvchi mamlakat — Qozog'iston, Qirg'iziston, Tojikiston, Turkmaniston va O'zbekistonda hayvonlarning dolzarb kasalliklari bo'yicha mintaqaviy tarmoqni yaratish maqsad qilingan. Mazkur tarmoqni yaratishda brutsellyoz kasalligining hayvonlar kasalliklari orasida birinchi bo'lib tanlanishining sababi, bu kasallikka qarshi kurash Markaziy Osiyo mamlakatlarining barchasida muhim o'rinni egallaydi, bundan tashqari brutsellyoz aholining eng kambag'al qatlamlariga sezilarli ijtimoiy-iqtisodiy ta'sir ko'rsatishi bilan ham muhim.
Hayvonlar salomatligini muhofaza qilish bo'yicha mintaqaviy tarmoq doirasida axborot va tajriba almashish, laboratoriya, dala, profilaktika nazorat, operatsiya, aloqa va boshqa amaliyotlarni standartlashtirish, bo'shliqlar, kamchiliklar va ustuvor yo'nalishlarni aniqlash, shuningdek, ta'lim va salohiyatni oshirish bo'yicha birgalikda sa'y-harakatlar amalga oshirilmoqda.
Hayvonlar salomatligi inson salomatligi va sog'lom atrof-muhit bilan chambarchas bog'liq. Odamlar, atrof-muhit va hayvonlarning yashash muhiti o'rtasidagi munosabatlar ayniqsa, rivojlanayotgan mintaqalarda juda yaqin. Chorva mahsuldorligining o'zgarishi yangi patogenlarning paydo bo'lishi, ularning rivojlanishi va hayvonlardan odamlarga global miqyosda tarqalishiga olib kelishi mumkin. FAO hayvonlar salomatligini muhofaza qilish chorvachilikning barqarorligini ta'minlashning asosiy sharti deb hisoblaydi.
— Kasalliklar tarqalishining o'zgaruvchan sharoitlari bilan bog'liq murakkab muammolarni hal qilish uchun kompleks yondashuv talab qilinadi — “hamma uchun bitta sog'lik”. Bunday yondashuvda agroekologik qarshilik, bioxilma-xillikni muhofaza qilish, tabiiy resurslardan samarali foydalanish va oziq-ovqat zanjirlari xavfsizligiga ko'proq e'tibor qaratiladi, — deydi FAOning O'zbekistondagi vakolatxonasi rahbari o'rinbosari Sherzod Umarov.
Trening davomida doktor Xose Blasko “Kichik kavsh qaytaruvchi hayvonlar va qoramollarda brutsellyozni nazorat qilish dasturining sharhi: Ispaniya tajribasi” hamda “Kavsh qaytaruvchi uy hayvonlari orasida brutsellyozga qarshi kurashish va uni bartaraf etishning texnik jihatlari: jihozlar va strategiya” mavzulari bo'yicha prezentatsiyalarni namoyish qildi. Shuningdek, FAO eksperti o'zining O'zbekistondagi tashrifi davomida konyunktiv usulda emlashni amaliyotda namoyish qilish uchun Toshkent viloyatidagi kichik kavsh qaytaruvchi hayvonlar va qoramollarni parvarish qilishga ixtisoslashgan xo'jaliklarga ham tashrif buyurdi.