2021-yilning 28-iyunidan 11-iyuligacha Toshkent irrigatsiya va qishloq xo'jaligini mexanizatsiyalashtirish injenerlari institutida O'zbekiston Respublikasi Suv xo'jaligi vazirligining viloyat bo'linmalari mutaxassislari uchun “Gidrotexnika inshootlari davlat kadastrini va Davlat suv kadastrini yuritishda geoaxborot texnologiyalarining qo'llanishi” mavzusida o'quv kurslari o'tkazilmoqda.

Mashg'ulotlar BMT Oziq-ovqat va qishloq xo'jaligi tashkiloti (FAO) va O'zbekiston Respublikasi Suv xo'jaligi vazirligi tomonidan “Markaziy Osiyo va Turkiyaning qurg'oqchil va sho'rlangan qishloq xo'jaligi ishlab chiqarish landshaftlarida tabiiy resurslarni kompleks boshqarish” mintaqaviy loyihasi doirasida tashkil etilgan. Suv xo'jaligi sohasidagi mutaxassislarni tayyorlashdagi katta tajribasini hisobga olgan holda, o'quv kursi institutning professor-o'qituvchilari tomonidan olib borilmoqda.

— Zarur bo'lgan xaritalarni an'anaviy usullar yordamida tayyorlash katta mehnat va moliyaviy xarajatlar talab qilishi sababli geoaxborot texnologiyalari (GAT)dan foydalanish suv resurslari hisobini yuritish va baholash jarayonlarini ancha osonlashtiradi — deydi loyihaning milliy boshqaruvchisi Muhammadjon Qosimov. — GAT texnologiyalarining raqamli yoki qog'oz xaritalarida suv obyektlarini ularning gidrografik xususiyatlari, gidrologik postlari va o'lchov ma'lumotlari bilan birga tezkor taqdim etish imkoniyati sodir bo'layotgan jarayonlarning batafsil manzarasini olish uchun kuzatishlar davomida olingan materiallarning avtomatlashtirilgan tezkor kompleks tahlilini amalga oshirish imkonini beradi.

Mashg'ulotlar ma'lumotlar bazasi va tematik qatlamlarni yaratish, topologik xatolarni qidirish va ularni to'g'rilash, gidrotexnika va suv kadastri ob'ektlarini xaritaga tushirish, masofadan zondlash ma'lumotlaridan foydalanish kabi ko'plab mavzularga bag'ishlangan.

— GAT texnologiyalari suv xo'jaligi sohasida ham tezkor hisob-kitoblarni amalga oshirish va suv resurslarini baholash, ham suv obyektlarining gidrologik rejimini o'rganish maqsadlarida tobora keng qo'llanilmoqda — deb ta'kidladi suv xo'jaligi vazirining birinchi o'rinbosari Azimjon Nazarov. — O'quv kursi vazirlik tizimidagi gidrotexnika inshootlari davlat kadastri va davlat suv kadastrini yuritish bo'yicha mas'ul mutaxassislar faoliyatini takomillashtirish, shuningdek, ularning GAT texnologiyalaridan foydalanish bo'yicha bilim va ko'nikmalarini oshirishga xizmat qilishi kutilmoqda.

Eslatib o'tamiz, joriy yilning fevral oyida Toshkent Davlat Agrar Universitetida FAO tomonidan amalga oshirilayotgan “Markaziy Osiyo va Turkiyaning qurg'oqchil va sho'rlangan qishloq xo'jaligi ishlab chiqarish landshaftlarida tabiiy resurslarni kompleks boshqarish” mintaqaviy loyihasi doirasida yangi GAT-laboratoriyasining ochilish marosimi bo'lib o'tgan edi. GAT-laboratoriya eng zamonaviy kompyuterlar, server, axborot-markazi, plotter va GPS uskunalari bilan jihozlangan. Mazkur laboratoriya yerdan foydalanishdagi o'zgarishlar monitoringini olib borish, O'zbekistonda yer degradatsiyasining o'sib borishini xaritalash vositalaridan foydalanish, yer, o'rmon, suv resurslari va iqlim o'zgarishi jarayonlarini xaritalash sohasida yuqori malakali kadrlar va mutaxassislar tayyorlashga yordam beradi.