BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo'jaligi tashkiloti (FAO) Toshkent shahridagi Xalqaro Vestminster universiteti bilan “O'zbekiston qishloq xo'jaligida narx va bozor ma'lumotlarining axborot tizimini joriy etish va qiymat zanjirlarini maqsadli tahlil qilish” bo'yicha hamkorlik shartnomasini imzoladi. Universitet qoshidagi Amaliy tadqiqotlar markazi loyihani amalga oshirishda qatnashadi.
Hujjatni imzolash marosimida FAOning O'zbekistondagi vakolatxonasi rahbari o'rinbosari Sрerzod Umarov va Toshkent shahridagi Xalqaro Vestminster universiteti rektori Bahrom Mirqosimov ishtirok etdi.
— Yaqin hamkorlik va o'zaro hurmatga asoslangan ushbu shartnoma bo'yicha birgalikdagi harakatlarimiz ta'minot zanjiri rivojlanishiga yordam beradi hamda narx va bozor axborot tizimlarini takomillashtirish orqali qishloq xo'jaligining raqobatbardoshligini mustahkamlaydi, — deydi Sрerzod Umarov. — Bu esa, o'z navbatida, bir vaqtning o'zida bir nechta barqaror rivojlanish maqsadlariga, ya'ni, qashshoqlikni bartaraf etish, ochlikni bartaraf etish, iqtisodiy o'sishni rag'batlantirish va barcha uchun munosib ish, shuningdek, oqilona iste'mol va ishlab chiqarishga erishishga yordam beradi.
Narx va bozor ma'lumotlari axborot tizimlari (MIS) qishloq xo'jaligini rivojlantirishda, ayniqsa, kichik fermerlar va oziq-ovqat ishlab chiqaruvchilar uchun muhim ahamiyat kasb etadi. Ishonchli bozor ma'lumotlari shaffoflikni, raqobatbardoshlikni oshiradi va marketing tizimlarining asosiy ishtirokchilari o'rtasida daromadlarni yanada adolatli taqsimlanishini ta'minlaydi, shuningdek, qiymat zanjirining barqaror rivojlanishiga hissa qo'shadi. Bundan tashqari, MIS yuzaga keladigan oziq-ovqat muammolari, shuningdek, nisbatan qisqa muddatli taqchillik yoki uzoq muddatli tarkibiy muammolarga bog'liq bo'lgan sog'lom ovqatlanish imkoniyati va qiymatini hisob-kitob qilish yo'li bilan yuzaga keladigan oziq-ovqat muammolari to'g'risida ogohlantiruvchi narxlar tendentsiyasini aniqlash orqali oziq-ovqat xavfsizligini ta'minlashga sezilarli darajada ta'sir qilishi mumkin. MIS, shuningdek, hukumatlarga qishloq xo'jaligi sohasida qarorlar qabul qilish jarayonlarida yaxshi qo'llanma bo'lib xizmat qilishi mumkin.
O'zaro hamkorlikdan kutilayotgan natijalari quyidagilardan iborat:
- tanlab olingan ustuvor ishlab chiqarish-sotish qiymat zanjirlari uchun mavjud narxlar to'g'risidagi ma'lumotlarni o'z vaqtida to'plash, tahlil qilish va tarqatish bo'yicha mamlakat salohiyatini mustahkamlash;
- tanlab olingan ustuvor qiymat zanjirlari uchun tovar bozorlarini rivojlantirish va bozor strategiyasini kuzatish, tahlil qilish, prognozlash bo'yicha mamlakat salohiyatini mustahkamlash;
- haqiqiy ma'lumotlar asosida axborot mahsulotlarini ishlab chiqarish va strategiyani rejalashtirish, turli ta'sirlarni monitoring qilish va baholash bo'yicha milliy salohiyatni kuchaytirish.
Ma'lumot uchun, Toshkent shahridagi Xalqaro Vestminster universiteti O'zbekistondagi birinchi xalqaro universitet, shuningdek, o'z yo'nalishidagi xalqaro oliy ta'lim beruvchi Markaziy Osiyodagi ilk universitet hisoblanadi. Londondagi Vestminster universiteti tomonidan to'liq tan olingan. Universitetning vazifasi Markaziy Osiyo va xalqaro miqyosda jamiyatlarning intellektual, ijtimoiy va kasbiy rivojlanishiga hissa qo'shadigan xalqaro standartlarga muvofiq tal'im va tadqiqot imkoniyatlarini taqdim etishdan iborat.
FAO esa 1945-yilda tashkil etilgan bo'lib, 194 a'zo davlatni o'ziga birlashtiradi va 130 dan ortiq mamlakatlarda faoliyat yuritadi. FAOning maqsadi oziq-ovqat xavfsizligi va aholining yuqori sifatli oziq-ovqat mahsulotlarini iste'mol qilish imkoniyatlarini ta'minlashdan iborat. 2001-yilda O'zbekiston FAOga a'zo bo'lgan va 2014-yilda FAOning O'zbekistondagi vakolatxonasi ish boshladi.








