Faol fuqarolik pozitsiyamni bildirdim

    Yuborgan taklifim esa 220 mingta taklif orasidan tanlab olinib va tasdiqlanib, yangi tahrirdagi Konstitutsiyaviy qonun loyihasining (24-bob, Advokatura) 141- va 142-moddalarida aks ettirildi.

    Elnora AZBEKOVA,

    xususiy amaliyot bilan shug'ullanuvchi notarius, Namangan viloyati, Pop tumani:

    - 2017-yil mamlakatimizda O'zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo'nalishida Harakatlar strategiyasi bo'yicha boshlangan tarixiy yangilanish jarayoni hozirda Yangi O'zbekistonning 2022–2026 yillarga mo'ljallangan Taraqqiyot strategiyasi doirasida izchil davom ettirilmoqda. Taraqqiyot yo'limizning keyingi bosqichiga poydevor bo'layotgan keng ko'lamli islohotlar esa, o'z navbatida, nafaqat mintaqa davlatlari, xalqaro hamjamiyat e'tirofiga sazovor bo'lyapti. Barcha soha va tarmoqlar singari notariat sohasida ham hayotiy zaruratga aylangan ko'plab samarali ishlar bajarildi.

    Notarius sifatida faoliyat boshlaganimga besh yildan oshdi. Nisbatan qisqa vaqtda orttirgan tajribamdan kelib chiqib, advokaturaga doir qonunchilikni takomillashtirish yuzasidan ayrim mulohazalarim yig'ilib qolgandi. Shu tufayli 2022-yil iyul oyida “Mening Konstitutsiyam” portali orqali taklif jo'natish fikri tug'ildi. Yuborgan taklifim esa 220 mingta taklif orasidan tanlab olinib va tasdiqlanib, yangi tahrirdagi Konstitutsiyaviy qonun loyihasining (24-bob, Advokatura) 141- va 142-moddalarida aks ettirildi.

    Ochig'i, bundan juda ham g'ururlandim. Chunki taklifim inobatga olingani masalaning bir jihati, boshqa tarafdan esa, umuman, xalqimizga tegadigan nafini o'ylab xursand bo'ldim. 30 aprel — shubhasiz, shonli sana va men uchun hayajonli kun, quvonchli voqea sifatida butun umr yodimda qoladi.

    Namanganning olis hududi hisoblangan Pop tumanidagi “Uyg'ur” mahalla fuqarolar yig'inida joylashgan referendum uchastkasiga borib, o'z huquqimdan foydalandim. Siyosiy xohish-irodamni ifodalab, munosib tanlovimni amalga oshirdim.

    Mazkur yirik siyosiy tadbirda vatandoshlarimizning kutganimdan-da faol qatnashgani bir huquqshunos o'laroq kaminani juda suyuntirdi. Odamlarning yurtimizda kechayotgan islohotlarga, ro'y berayotgan o'zgarishlarga befarq emasligini ko'rib-kuzatib, jamiyatimizda huquqiy ong, huquqiy madaniyat yuksalib borayotganiga amin bo'lasiz kishi.

    Muhimi, jarayon qizg'in va ko'tarinki ruhda, uyushqoqlikda o'tgani e'tiborlidir. Referendumda nafaqat qonun loyihasi, balki o'z taklifim kuchga kirishi uchun ham ovoz berdim. Daxldorligimdan, faol fuqarolik pozitsiyamni bildirganimdan faxrlandim!

    O'ylaymanki, yangi tahrirdagi Bosh qonunimizda belgilab qo'yiladigan 141-, 142-moddalarga muvofiq, advokatura tizimi yanada rivojlanishi uchun mustahkam huquqiy asos yaratiladi.

    “Yangi O'zbekiston” muxbiri Orifjon JO'RAYEV yozib oldi.

    Mazkur munosabat gazetaning shu yil 1-may, 83-sonida chop etildi.