Milliy matbuot markazida Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazining 2022-2026 yillarga mo'ljallangan Yangi O'zbekistonning taraqqiyot strategiyasini “Inson qadrini ulug'lash va faol mahalla yili”da amalga oshirishga doir Davlat dasturining joriy yil I chorakdagi ijrosi yuzasidan qilingan ishlarga bag'ishlangan Matbuot anjumani bo'lib o'tdi.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi va Milliy matbuot markazi hamkorligida tashkil etilgan anjumanda Markaz rahbariyati hamda respublika OAV xodimlari ishtirok etdi.

Markazning 2022 yil I chorak mobaynida Davlat dasturi ijrosi yuzasidan amalga oshirilgan tadbirlar haqida Markaz direktori Shovosil Ziyodov batafsil ma'lumot berdi.

Ta'kidlanganidek, Davlat dasturining 267-bandiga muvofiq Markazga Buyuk ajdodlarimizning boy ilmiy-ma'naviy merosini keng targ'ib qilish maqsadida yurtimizdan etishib chiqqan allomalar asarlarining xalqchil tarjimasini amalga oshirish, ular asosida ilmiy va ommabop risolalar yaratish vazifasi belgilangan bo'lib, mazkur band ijrosi bo'yicha joriy yilning 1-choragi mobaynida tizimli tarzda amaliy tadbirlar tashkil etilib kelinmoqda.

Jumladan, ayni paytda O'zbekiston xalqaro Islom akademiyasida Imom Buxoriy, Imom Moturidiy, Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari mutaxassislaridan iborat ishchi guruh shakllantirildi. Ishchi guruhi tomonidan tarjima qilinadigan asarlar ro'yxati ishlab chiqilmoqda.

Shu vaqtgacha shakllangan ro'yxatga asosan asarlarning bosqisma-bosqich tarjima ishlari amalga oshirilmoqda. Xususan, Abd ibn Humayd Keshiy “Musnadi Keshiy” asarining 1- va  2-jildlari va Alouddin Kosoniyning “e'tiqodi Kosoniy” asarlari nashrga tayyorlandi.

“Musnadi Keshiy” asarining 3-jildi, Imom Termiziyning “e'tiqodi ahlis sunna”, Abu Azabaning “Ravzatul bahiyya” asarlari tarjimasi va tahrir ishlari nihoyasiga etkazildi va Din ishlari bo'yicha qo'mita, O'zbekiston xalqaro islom akademiyasi, O'zbekistondagi Islom tsivilizatsiyasi markazi, O'zbekiston musulmonlari idorasiga soha mutaxassislaridan xulosa va taqriz olish uchun taqdim etildi.

Davlat dasturining navbatdagi bandiga ko'ra Markaz tomonidan Imom Buxoriy asarlarida tarannum qilingan yuksak obob-ahloq, ilmga muhabbat, Vatanga sadoqat singari ezgu umuminsoniy qadriyatlarni keng targ'ib qilish maqsadida Tashqi ishlar vazirligi bilan birgalikda dunyoning Italiya, Shveytsariya, Turkiya, Birlashgan Arab Amirliklari va boshqa davlatlarida “Imom Buxoriy asarlari misolida islom san'ati ko'rgazmasi”ni tashkil etish belgilangan.

Joriy yilning noyabr` oyida o'tkazilishi rejalashtirilgan mazkur ko'rgazmaga qizg'in tayyorgarlik ishlari doirasida Tashqi ishlar vazirligiga ko'rgazmani o'tkazish bo'yicha tuziladigan Tashkiliy ishchi guruhiga nomzodlar taqdim qilindi. O'z navbatida vazirlik tomonidan ham mazkur tadbirni xorijiy davlatlarda tashkil etish bo'yicha mas'ullar biriktirildi.

Bundan tashqari, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tomonidan 2022-2026 yillarga mo'ljallangan Yangi O'zbekistonning taraqqiyot strategiyasini “Inson qadrini ulug'lash va faol mahalla yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturi ijrosi yuzasidan qator amaliy tadbirlar yuzasidan ham batafsil ma'lumot berildi.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi Matbuot xizmati