Yurtimizdagi qulay tadbirkorlik muhiti hayotimni oʻzgartirib yubordi. Amaldagi imkoniyatlardan foydalanib, oʻz biznesimni yoʻlga qoʻyganimga hali koʻp vaqt boʻlmadi. Asosan, toʻqimachilik mahsulotlari ishlab chiqaramiz. Dastlab 30 ishchi bilan boshlagan faoliyatimiz kengayib, hozir ishchilar soni 300 nafardan oshdi. Bundan tashqari, yana 300 dan koʻproq xotin-qizga uyida oʻtirib, kasanachilik bilan shugʻullanishi uchun sharoit yaratib berganmiz. Qoʻl mehnati bilan tayyorlangan qoʻlqop, paypoq, roʻmol, boʻyinbogʻlarni ichki bozordan tashqari eksport ham qilyapmiz.
Bugun faoliyatimizni yanada kengaytirish ustida oʻylayapmiz. Yaqinda Ozarbayjonga borib keldim. Endi Belarusga borishni koʻzlab turibmiz. Maqsadimiz — yangi hamkorlar topish, faoliyatimizni rivojlantirish, eksport hajmini oshirish. Bu orqali keyingi yilning oʻzida yana 50 dan ziyod ish oʻrni yaratamiz.
Yurtimizda yirik tadbirkor boʻlaman, ham oilamga, ham jamiyatga naf keltiraman, deydigan opa-singillarimiz koʻp. Buning uchun imkoniyat, imtiyoz va qulay sharoit bor. Shunday ekan, oz boʻlsa-da, tajribaga ega tadbirkor sifatida endi ish boshlayotgan yoki dilidagi niyati hali tiliga chiqib ulgurmagan xotin-qizlarga yordam berish, orzulari amalga oshishiga koʻmaklashish vazifamiz. Toshkent viloyatidagi Xotin-qizlar tadbirkorlik markazida ishlayotganimizdan maqsad ham shu.
Joriy yilning oʻtgan davrida markazimizda 16 ming 500 ga yaqin xotin-qiz 12 kasb boʻyicha oʻqib, hunar egalladi. Ularning 8 mingdan koʻprogʻi uy sharoitida yoki kasanachilik asosida ish boshlab, oʻzini oʻzi band qildi. 2000 dan koʻprogʻi esa tadbirkorlik qilish maqsadida kredit oldi. Qolganlari ham oʻz yoʻlini topish harakatida, tikuvchilik, qandolatchilik qilmoqda, boshqa kasblarda mahoratini sinab koʻrmoqda. Axborot texnologiyalari sohasida, buxgalteriya kabi yoʻnalishlarda samarali ish yuritayotgan xotin-qizlarimiz koʻp. Tabiiyki, bu yoʻnalishlar ayollar tadbirkorligini yanada rivojlantirishda qoʻl keladi.
Xotin-qizlar uchun bu boradagi yordamni yanada kuchaytirish asosiy maqsadimiz. Shu bois, oʻquv kurslarini faqat shahar, tuman markazlarida emas, chekka-chekka mahallalarda ham tashkil etyapmiz. Hozir viloyatimizning 60 ga yaqin mahallasida shunday oʻquv kurslari, toʻgaraklar faoliyat koʻrsatyapti. Bu imkoniyat ishsiz xotin-qizlarni kengroq qamrab olish, ularga kasb-hunar oʻrgatish va bandligini taʼminlashda yaxshi natija bermoqda.
Men mahalliy kengash deputati sifatida ham bu boradagi ishlarni tizimli tashkil etishga harakat qilaman. Aholi bilan uchrashuv va muloqotlarda, eng avvalo, oilalarda, xotin-qizlar oʻrtasida tadbirkorlikni rivojlantirishga toʻsiq boʻlayotgan muammolarni aniqlab, yechimini topishga kirishamiz.
Albatta, bu borada davlat va jamoat tashkilotlari koʻmagi juda zarur. Shuning uchun ayollar bandligi va tadbirkorligini kengaytirish loyihalarini ishlab chiqish va amalga oshirishda turli tashkilotlar bilan yaqindan hamkorlik qilamiz. Bu ishlarimiz jamiyatda tadbirkorlik muhitini kuchaytirish, toʻkinlik va farovonlikka erishishga zamin yaratadi.
Hozir xotin-qizlar tadbirkorligi haqida silliq gapiryapmiz, erishgan yutuqlarimizdan gʻururlanyapmiz. Bularning barchasiga mustaqilligimiz tufayli erishganimizni aslo unutmasligimiz kerak. Zero, mustaqillik bizga vatanimizda emin-erkin yashash, halol mehnat qilib, farzandlarimiz kelajagi uchun mustahkam va farovon zamin yaratish imkonini berdi.
Shohista MADIYOROVA,
Toshkent viloyatidagi Xotin-qizlar
tadbirkorlik markazi rahbari