Ahamiyatli jihati, mazkur yuqori darajada boʻlib oʻtayotgan xalqaro konferensiya doirasidagi ilmiy-maʼrifiy forumda Fargʻona davlat universiteti rektori Bahodirjon Shermuhammadov - Ural davlat pedagogika universiteti “faxriy professori" deb eʼlon qilindi.
Ushbu unvonni tantanavor topshirgan Ural davlat pedagogika universiteti rektori Svetlana Minyurova bu eʼtirof xalqaro taʼlim hamkorligini rivojlantirish va Rossiya va Osiyo mamlakatlari universitetlari oʻrtasida ilgʻor ilmiy va taʼlim tajribasini almashish yoʻlidagi yuksak qadam ekanligini taʼkidladi.
Eslatib oʻtamiz, ushbu xalqaro konvensiyada Rossiya Federatsiyasi, Pokiston Islom Respublikasi, Oʻzbekiston, Tojikiston, Xitoy va Qirgʻiziston vakillari ishtirok etmoqdalar.
Taʼkidlash kerakki, bugungi kunda FarDU va Rossiya Federatsiyasi oliy taʼlim muassasalari oʻrtasida 40 dan ortiq hamkorlik shartnomalari mavjud.
Quvonarlisi, 2021-2022-oʻquv yilidan boshlab Rossiyaning Qozon federal universiteti bilan hamkorlikda filologiya va tillarni oʻqitish: rus tili yoʻnalishida 3+1 qoʻshma taʼlim dasturi tashkil etilgan. Hozirda ushbu dastur boʻyicha 30 nafar talabalar taʼlim olmoqdalar.
Ushbu universitet bilan hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlash maqsadida tashkil etilgan “Yozgi universitet” loyihasida “Yoshlar, innovatsiya, hamdoʻstlik” dasturi ham amalga oshirildi. Shu bilan birga, Sankt-Peterburg davlat universitetida 2 nafar professor-oʻqituvchilarimiz malaka oshirib, talabalarga dars mashgʻulotlarini oʻtib keldilar.
“Mirrolla” dori-darmon ishlab chiqarish farmkompaniyasi bilan hamkorlik oʻrnatish maqsadida kimyo kafedrasi dotsenti P.Turdaliyeva Sankt-Peterburg shahriga, B.Yelsin nomidagi Ural Federal universitetida oʻtkazilayotgan xalqaro forumda ishtirok etish, mazkur universitet talabalariga seminar-treninglar olib borish maqsadida 3 nafar jamoadoshimiz Yekaterinburg shahriga, ilmiy tadqiqotlar oʻtkazish uchun 1 nafar katta oʻqituvchi Qozon Federal universitetiga, yana shu maqsadlarda 2 nafar dotsentlarimiz A.S.Pushkin institutiga, 2 nafar kafedra mudirlari G.V.Plexanov nomidagi Rossiya iqtisodiyot universitetida xizmat safariga yuborildi. Bu kabi xalqaro yoʻnalishdagi dasturlar, ularning onlayn formatdagi oʻquvlari, mamlakatda sifatli taʼlim darajasini koʻtarish va har tomonlama yetuk kadrlar yetishtirish maqsadlariga qaratilgan loyihalar universitetda faol amalga oshmoqda.
Eʼtiborli jihati esa, mazkur munosabatlarda integratsiyalash tajribasi yaratilmoqda, xususan, maktab taʼlimidagi dolzarb masalalar, boshlangʻich taʼlimdan tortib oliy taʼlimgacha boʻlgan jarayonning xalqaro talablarga muvofiqlik tamoyillari ustida muntazam ishlab kelinadi.








