Taʼkidlash lozimki, Oʻzbekiston Turkiyani strategik muhim va koʻp yillik birodar hamkori deb biladi. Shuningdek, mamlakatimiz tashqi siyosatda Turkiya Respublikasi alohida ahamiyatga ega boʻlgan mamlakat hisoblanadi.
Turkiya dunyodagi 200 dan ortiq mamlakatlar ichida Oʻzbekistonning davlat mustaqilligini birinchi boʻlib tan olgan va shu tariqa uning dunyo xaritasida yangi davlat sifatida eʼtirof etilishi jarayonini boshlab bergan.
Oʻzbek va turk xalqlarini azaliy doʻstlik, birodarlik va qardoshlik rishtalari oʻzaro bogʻlab turadi. Har ikki xalq ham turkiy tilda soʻzlashuvchi boʻlib, ularning madaniyati, dini va urf-odatlari bir-biriga juda yaqin. Qolaversa, Turkiyaning rivojlangan sanoati, transport kommunikatsiyalari, dengiz yoʻllari, qishloq xoʻjaligi, turizm salohiyati, ulkan davlatchilik tajribasi Oʻzbekiston uchun muhim ahamiyatga ega.
Shuningdek, ikki davlat aholisining eʼtiqod va diniy qarashlari mushtarakligi koʻplab imkoniyatlar eshigini ochadi. Xususan kelgusida ziyorat turizmini rivojlantirishda mazkur masala muhim omil sanaladi.
Soʻnggi yillarda Prezidentlar Shavkat Mirziyoyev va Rejep Tayyip Erdoʻgʻonning siyosiy irodasi, qatʼiyati ikki mamlakat oʻrtasidagi doʻstona aloqalar, muntazamlik kasb etayotgan uchrashuvlar, samimiy muloqotlar va oʻzaro hamkorlik rivojiga katta turtki bermoqda.
Har ikki tomondan iqtisodiyot, qishloq xoʻjaligi, turizm, madaniyat va OAVlari vakillari ishtirok etgan videomuloqotni ochar ekan Fargʻona viloyati hokimi Shuhrat Gʻaniyev shunday dedi:
- Avvalambor, Fargʻona viloyati xalqi va oʻzim nomimdan bugungi video muloqot uchun va Siz tomoningizdan bildirilgan viloyatlarimizning birodarlik aloqalarini oʻrnatish boʻyicha taklif uchun kamoli ehtirom ila samimiy minnatdorchilik bildirishga ruxsat bergaysiz.
Oʻylaymanki, bugungi kunda jahonda keng tarqalgan koronavirus pandemiyasining ikki hudud iqtisodiyotiga salbiy taʼsirlarini yumshatishda mazkur video konferensiyaning ahamiyati katta.
Ikki davlat oʻrtasidagi aloqalarni tobora rivojlantirishda nafaqat mamlakatlar oʻrtasida, balki hududlararo va institutsional doʻstlik va hamkorlik munosabatlarini keng yoʻlga qoʻyishni juda muhim deb hisoblayman.
Fargʻona viloyati hamda Turkiya tadbirkorlari oʻrtasidagi oʻzaro savdo va investitsiya aloqalarini alohida taʼkidlab oʻtgan boʻlar edim. Hozirga kelib Fargʻona viloyatida Turkiya tadbirkorlari ishtirokidagi 41 ta korxona va tashkilotlar, toʻqimachilik, qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtirish va eksport qilish, gilamchilik va sanoatning boshqa sohalarida faoliyat koʻrsatishmoqda.
Bunday korxona va tashkilotlarning koʻpayishi mamlakatlarimiz savdo-iqtisodiy aloqalarini yana-da mustahkamlaydi. 2019-yilda Turkiya Respublikasi bilan Fargʻona viloyati tashqi savdo aylanmasi 85,4 mln. AQSH dollarini, shundan eksport hajmi 59,6 mln. AQSH dollarini tashkil etgan. Bu 2018-yilga nisbatan tashqi savdo aylanmasida 187,7 foizga, eksportda 188 foizga oʻsishdir.
Bu koʻrsatkichlar, oʻylaymanki hamkorlik aloqalarimiz va mavjud imkoniyatlarimiz oldida yetarli emas.
Shundan soʻng Fargʻona viloyati hokimi Shuhrat Gʻaniyev hamkorlikning kelgusi istiqbollari yuzasidan takliflar kiritdi.
- Men tayyor trikotaj mahsulotlarini olish uchun toʻqimachilik-tekstil korxonalari tashkil etish yoʻnalishida qoʻshma investitsion loyihalarni amalga oshirish, meva va sabzavotlarni qayta ishlashda turkiyalik ishbilarmon doira vakillari hamda sarmoyadorlarini jalb qilish, viloyatimizda Bursa «Uludagʻ» universiteti filialini tashkil etish, turkiyalik investorlar ishtirokida qurilish sohasidagi ham korlik loyihalarini bajarish, turizm va madaniyat sohalaridagi hamkorlikni kuchaytirish kabi masalalarga ustuvorlik berishni, shuningdek Fargʻona viloyatining qulay iqtisodiy-geografik joylashuvi, mavjud turistik obyektlar hamda tarixiy madaniy yodgorliklar va muqaddas qadamjolari, shuningdek, Turkiyaning boy tajribasi asosida tibbiyot, ziyorat, agro, eko kabi turizm yoʻnalishlarida keng hamkorlikni yoʻlga qoʻyishni taklif qilaman.
Bursa viloyati volisi janob Yoqub Jonbulat Fargʻona viloyati hokimi Shuhrat Gʻaniyevga uning taklifiga asosan videomuloqot oʻtkazishga rozilik bergani va ishtiroki uchun minnatdorchilik bildirdi.
-Oʻzbekiston bizning maʼnaviy ota yurtimizdir,- dedi Bursa volisi.-Viloyatimiz sanoati rivojlanganlik jihatdan mamlakatda ikkinchi oʻrinda turadi. Mashinasozlik, toʻqimachilik, turizm va qishloq xoʻjaligi eng serdaromad sohalardir. Bir yilda 23 mld. dollarlik yalpi hududiy mahsulot ishlab chiqariladi.Shundan eksport 12-15 mld. dollarga yetgan. Bizning hamkorligimiz har ikki viloyat ahliga nafli boʻlishiga ishonaman.
Siz, hokim janoblarining har bir taklifi biz tomondan amaliyotga qabul qilindi, deb hisoblashingizni istar edim.
Iqtisodiy, madaniy hamkorlik dasturi ijrosi yuzasidan yana bir bor, bu gal yuzma-yuz koʻrishib kelishib olishimiz uchun Siz boshchiligingizdagi viloyat delegatsiyasini shu yil sentyabr oyida Bursaga tashrif buyurishga taklif etaman.
Shundan soʻng tomonlar harakat yoʻl xaritasini ishlab chiqdilar va kelishib olishdi.
Videomuloqot soʻngida Fargʻona viloyati hokimi Shuhrat Gʻaniyev va Bursa viloyati volisi Yoqub Jonbulat janoblari oʻzaro iqtisodiy, madaniy hamkorlik memorandumini onlayn tarzda imzoladilar.
Fargʻona viloyati hokimligi Axborot xizmati.