баннер
16 Mar 2025
07:45

    Fargʻona aeroportida bir samolyotning gʻildiragi chiqib ketdi

    Kecha, 12-mart kuni Fargʻona xalqaro aeroportida Novosibirskdan S7-5561 reys bilan kelgan Boeing 737-800 (RA-73669) S7 Airlines samolyoti uchish-qoʻnish yoʻlagida qolib ketdi.

    “Aviatorshina” Telegram kanalining yozishicha, samolyot qoʻnganidan soʻng, yoʻlakda harakatlanayotgan vaqtida oʻng asosiy shassidagi tashqi gʻildirak chiqib ketgan. Havo kemasi komandiri samolyotni toʻxtatib, muhandis-texnik xodimlarni chaqirgan va samolyot tekshirilganda gʻildirakni ushlab turuvchi murvatlardan bir qanchasi yetishmayotgani aniqlangan.

    Yoʻlovchilar zudlik bilan toʻgʻridan-toʻgʻri uchish-qoʻnish yoʻlagiga tushirilib, yuklari bilan terminalga yetkazildi. Boeing 738 samolyotining oʻzi foydalanishdan chetlatildi, bir necha soatdan soʻng u perronga tortildi.

    Taʼkidlanishicha, Fargʻona aeroporti yagona uchish-qoʻnish yoʻlagi toʻsilib qolgani sababli vaqtincha yopilgan. Shu sababli Vnukovodan Fargʻonaga parvoz qilgan “Utair” aviakompaniyasining “Boeing 737” samolyoti Toshkent aeroportiga qoʻnishga majbur boʻlgan.

    Aviakompaniya matbuot xizmatiga koʻra, Novosibirskdan Oʻzbekistonga qaytish reysini amalga oshirish uchun zaxira samolyoti yuborilgan.

    Telegram kanalimiz
    Text to speech