Fargʻona davlat universiteti - Times Higher Education (the) reytingining 14 ta yoʻnalishida eʼtirof etildi

    Ta'lim 1 Iyun 2023 2423

    Fargʻona davlat universiteti uchun bugungi kun sanasi tarixiy gʻalaba sifatida saqlanib qolishi aniq.

    Chunki butun dunyoga oʻz nufuzi va shaffofligi bilan tanilgan Buyuk Britaniyaning Times Higher Education — “THE” reytingida FarDU natijalari eʼtirof etildi!

    Unga koʻra, Times Higher Education (Impact Rankings) – dunyo universitetlarining BMT – “Barqaror rivojlanish maqsadlari”ga (SDGs) muvofiqligini baholovchi global reytingda 14 ta yoʻnalish boʻyicha Fargʻona davlat universiteti yuqori koʻrsatkichlar bilan 1000+ natijani qayd etdi.

    Eng quvonarlisi, oliygoh sifatli taʼlim boʻyicha 43,8 ball bilan 601-800 oʻrinda eʼtirof etilgani — Fargʻona davlat universiteti jamoasi tomonidan yoshlarni ilmu maʼrifatli qilish, Yangi Oʻzbekistonga munosib yetuk kadrlarni tayyorlashda olib borilayotgan fidokorona mehnat samarasini koʻrsatib berdi.

    Shuningdek, University Impact Ranking-2023» natijalarida universitet ochlikka barham berish boʻyicha 41,8 ball bilan 301-400 oʻrinda, tengsizlikni kamaytirish boʻyicha 601-800, quruqlikdagi ekotizimlarini asrashda 401+, gender tengligi, munosib ish oʻrinlari va iqtisodiy oʻsish hamda tinchlik, adolat, samarali boshqaruv yoʻnalishida 801+ oʻrinni egallab turgani tahsinga loyiqdir.

    THE” reytingining bu kabi yoʻnalishlaridan 14 tasida yuqori natijaga erishgan universitet jamoasi yanada yangi marralarni koʻzlamoqda va yuqori pogʻonalar sari olgʻa intilmoqda.