Fargʻona davlat universiteti – dunyoning nufuzli “greenmetrics ui” xalqaro reytingida

    Ta'lim 7 Dekabr 2023 618

    Yaqinda Indoneziyaning “UI Green Metric World University Ranking” xalqaro reyting agentligi tomonidan butun dunyo oliy taʼlim muassasalari boʻyicha joriy yil reyting natijalari eʼlon qilindi.

    Quvonarlisi, Fargʻona davlat universiteti - xalqaro “UI Green Metric World University Ranking” nufuzli reytingida TOP-1000 ta oliy taʼlim muassasalari qatorida barqaror rivojlanayotgan universitet sifatida eʼtirof etildi va dunyo oliygohlari ichida 738-oʻrinni egalladi.

    Bunda asosan Fargʻona davlat universitetining sifatli taʼlim tizimi va infratuzilma, yashil energiyadan foydalanish darajasi, shuningdek, iqlim oʻzgarishi, suv muammosi, transport sohalari, fan va tadqiqot yoʻnalishlaridagi faoliyati oʻrganilib, xalqaro reyting agentligi tomonidan yuqori baholangan.

    Maʼlumot uchun, UI Green Metric World University Ranking - 2010-yilda “Universitas Indonetsia” tomonidan tashkil etilgan yashil kampus va ekologik barqarorlik reytingidir. Mazkur tanlov “Universitas Indonetsia” tomonidan oʻtkaziladigan jahon darajasidagi oliy oʻquv yurtlari reytingi boʻlib, 6 mezon boʻyicha 39 koʻrsatkich orqali universitetlarning ekologik majburiyatlari va tashabbuslari natijalarini shaffof aniqlashga qaratilgan. Demak, UI Green Metric World University Ranking – “yashil” universitetlarning global reytingi hisoblanadi.

    Aytish kerakki, FarDUning bu muvaffaqiyati mohiyatida - Muhtaram Prezidentimiz tashabbuskorligida mamlakatimizda jadal tus olgan “Yashil Makon” umummilliy loyihasi ijrosi va musaffo dunyo taqdiriga ziyo ahlining dahldorlik masʼuliyati mujassamdir.

    Eslatib oʻtamiz, joriy yilning 30-noyabr kuni Kanadaning Xalqaro yutuqlar tadqiqot markazi (International Achiyevements Research Center – “IARS” ) reytingida FarDU rektori Bahodirjon Shermuhammadov “Yil rektori – 2023” nominatsiyasi sohibi va Fargʻona davlat universiteti - “Yil universiteti – 2023” xalqaro tanlovi gʻolibi deb eʼlon qilingan edi.